Omsk viloyatida Farg‘ona ulgurji taqsimlash logistika markazining 1-bosqichi ishga tushirildi









Rossiyaning Omsk viloyatida Farg‘ona ulgurji taqsimlash logistika markazining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Endilikda Farg‘onada etishtirilgan sifatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Rossiya iste‘molchilariga etkazib beriladi. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegasiyasi Rossiya Federasiyasining Omsk viloyatiga rasmiy tashrif doirasida mazkur “Frukt-Siti” ulgurji taqsimlash logistika markazining tantanali ochilish tadbirida ishtirok etdi. Shuningdek, unda O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov hamda Rossiya Federasiyasi rasmiylari qatnashdi. O‘zbek biznesmenlari ta‘sischiligida 700 mln rublь sarflanib qurilgan yangi ulgurji taqsimlash logistika markazi 9 gektar maydonni egallab, zamonaviy infratuzilma asosida barpo etilgan. Mazkur bozor o‘z ichiga 16 ta har biri 380 kvadrat metrdan iborat keng va qulay angarlarni oladi. Bu angarlar meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash, qayta ishlash va qulay sharoitda sotish imkonini beradi. Shuningdek, bozor hududida 72 ta savdo do‘konlari faoliyat yuritadi. Ularda turli xil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, oziq-ovqat va boshqa iste‘mol tovarlari sotiladi. Markazning yana bir muhim jihati, transport logistikasiga e‘tibor qaratilganidir. 450 ta yuk mashinasi uchun mo‘ljallangan turargohlar tashkil etilgan bo‘lib, bu ulgurji savdo jarayonini uzluksiz va tizimli ravishda tashkil etishga xizmat qiladi. Mazkur turargohlar yuk avtomobillarining erkin harakatlanishi va mahsulotlarni tezkor ravishda tushirish hamda yuklash imkonini beradi. Logistika markazining bir qismida Farg‘ona savdo uyi ham ochildi. Dastlab viloyatimiz delegasiyasi mana shu yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar. Tantanali tadbirda so‘z olganlar mazkur loyiha O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari tashabbusi bilan amalga oshirilganini ta‘kidlab, uning ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdilar. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur loyihani amalga oshirishda yordam berganlarga minnatdorlik bildirib, yangi markaz hududlarning hamkorligini mustahkamlash yo‘lida muhim omil bo‘lganligini ta‘kidladi. Hozirda loyihaning birinchi bosqichi yakunlangani, tez orada ikkinchi va uchinchi bosqichlarining qurilish ishlari amalga oshirilishi ma‘lum qilindi. - Bugun biz Farg‘ona viloyatidan Rossiya bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini barqaror etkazib berish imkonini beruvchi muhim logistika markazini ochmoqdamiz. Bu hududlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik, ishonch va strategik sheriklik samarasidir. Farg‘ona qishloq xo‘jaligining boy salohiyatiga ega viloyatdir. Tabiiy, yuqori sifatli mahsulotlarimiz iste‘molchilarga tez va eng yaxshi holatda etib kelishida mazkur zamonaviy logistikaning o‘rni katta bo‘ladi, - dedi viloyat rahbari. Markazda maxsus savdo do‘konlari, saqlash omborlari, logistika xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu O‘zbekistondan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini etkazib berish hajmini oshirishga xizmat qilishi urg‘ulandi. Ushbu bozor faoliyati natijasida 800 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi doimiy ish o‘rni bilan ta‘minlanishi rejalashtirilgan. Ular uchun zamonaviy turar-joylar, ozuqa ta‘minoti, tibbiy xizmat va boshqa zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Tadbirda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun Farg‘ona ko‘rgazma markazining ochilish marosimi ham tashkil etildi. Ramziy tasma qirqilib, ishtirokchilar bu erdagi O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Markazda viloyat hokimi tadbirkorlar bilan muloqot qilib, ularning murojaat va takliflarini ham eshitdi. Hamkorlikda bozor faoliyatini yanada jonlantirish zarurligi qayd etildi va mas‘ullar bilan birgalikda oldinda turgan chora-tadbirlar kelishib olindi. O‘zbekistonlik taniqli san‘atkorlar va Omsk viloyati madaniyat uyi vakillari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!
Tavsiya etamiz
Tavsiya etamiz

Poloson MFYda tadbirkorlar ishtirokida "Sayyor qabul" o‘tkazildi.


HOKIM QABULI: HAR BIR MUROJAAT – E‘TIBORDA! Oltiariq tuman


KO‘P QAVATLI UYLARDAGI MUAMMOLARNI BSK TOMONIDAN BARTARAF ETIShGA KIRIShILDI

Xalq deputatlari Oltiariq tuman Kengashining qarori