Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
G’O’ZA PARVARISHIDA IYUN OYINING HAR BIR DAMI G’ANIMAT
2022-06-15 13:23:32 287
G’o’za parvarishida hal qiluvchi damlar boshlandi. Hosil cho’g’i bugungi sa'y-harakatga bog’liqligini unutmagan oltiariqlik dehqonlar, shubhasiz, kuzda barakali xirmon yaratadi.
Darhaqiqat, hozirda fermerlar, eng avvalo, g’o’za qator oralariga sifatli ishlov bermoqdalar. Bu jarayonda kultivatordagi ishchi organlar soniga va ishlov berish chuqurligiga alohida e'tibor qaratilib, birinchi hamda ikkinchi kultivatsiya o’rtasida chizel-kultivator yordamida 25 – 30 santimetr chuqurlikda yumshatildi.
Bunday jarayonlarda bugungi mas'uliyatli pallada mexanizatorlar dehqonning yonida turib, tuproq yetilishi bilan qator oralariga kultivatorni kechiktirmasdan kiritishmoqda. Shu tufayli o’simlikning oziqlanish tizimi yaxshilanib, yosh nihollarning ildiz chirish va gommoz kasalliklari bilan zararlanishining oldi olinmoqda.
– G’o’za o’suv davrida o’g’itlansa, ozuqa moddalar bilan yetarli darajada ta'minlanib, unga mador bag’ishlaydi. Mineral o’g’itni nihollar yaxshi o’zlashtirishi uchun oziq moddalar ildiz o’sish qatlamiga yaqin solinishi zarur. Mazkur agrotadbirni rivojlanishdan orqada qolayotgan g’o’zalarda qo’llash chog’ida organik hamda mineral o’g’itlar aralashmalaridan foydalanilsa, yanada yaxshi samara berib, uning rivojini tezlashtiradi, – deydi tajribasi fermer Sapura Boltayeva.
Ayni paytda Sapura Boltayeva rahbarligidagi “Sadoba Saxoba” fermer xo’jaligida ham g’o’zalarni o’g’itlash, suvdan chiqarish, kultivatsiyalash va turli zararli hasharotlarga qarshi ishlovlar jadallik bilan bajarilmoqda. Bunda suvchi Vahobjon Boboyev hamda mexanizator G’ulomjon Mahkamovlarning ham hissasi katta bo’lmoqda.
Paxtakorlarimiz iyun oyining har bir damini g’animat bilib, g’o’zani chanqatmasdan sug’orish, kultivatsiyalash, zararkunanda hasharotlar hamda xavfli kasalliklarga qarshi kurashish kabi tadbirlarni o’z vaqtida, maromida bajarsalar, hech shubhasiz, paxta xirmonimiz yuksak bo’ladi.
Hosilga hosil qo’shiladigan hozirgi o’ta mas'uliyatli pallada tunni tongga ulab, fidokorona mehnat qilish har bir oltiariqlik dehqonning vijdon ishiga aylangan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat