Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
EHTIROM TADBIRI
2022-05-07 11:57:19 237
Xotira va Qadrlash kuni bayramini oltiariqliklar ham umumxalq bayrami sifatida keng nishonladilar. Dastavval tuman markazidagi Motamsaro ona haykali poyiga tuman hokimi Shamsiddin Turdaliyev gulchambar qo’yib, bu hayotdan ko’z yumgan yurtdoshlarimiz xotirasi oldida ta'zim bajo keltirdi.
Shundan so’ng tuman prokuraturasi, mudofaa, ichki ishlar, “Nuroniy”, xalq ta'limi bo’limlari, tuman Dalat soliq inspektsiyasi, tuman “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O’zbekiston yoshlar ishlari agentligi tuman bo’limi va ko’plab korxona-tashkilot mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari Motamsaro ona haykali poyini anvoyi gullar bilan burkadilar.
Tadbirda tuman hokimi Sh.Turdaliyev Xotira va Qadrlash kuni bayrami hamda fashizm ustidan qozonilgan g’alabaning 77 yilligi bilan tumandoshlarimizni samimiy muborakbod etdi.
Ma'lumotlarda keltirilishicha, Ikkinchi jahon urishida yurtimizdan 1 million 500 ming kishi urushda qatnashgan. Ular orasida 500 ming vatandoshimiz janggohlardan qaytmagan. Ular yurtimiz ozodligi va obodligi yo’lida qahramonlik namunalarini ko’rsatishgan.
Xotira va Qadrlash kuni bukilmas iroda va so’nmas jasorat namunasini namoyon etib, o’zlarining aziz jonlarini muqaddas diyorimiz farovonligi uchun fido qilgan ulug’ ajdodlarimizning yorqin xotirasiga yuksak ehtirom ko’rsatildi.
Hozirda Ikkinchi Jahon urushining Oltiariqlik tirik afsonalari bo’lgan Qahhorjon ota Ma'rupov, Abdusalom ota Nuriddinov va To’lanboy ota Shokirovlar shukronalikda safimizda umrguzaronlik qilmoqda. Ularning bosib o’tgan umrlari barchamiz uchun ibrat ekanligi alohida ta'kidlandi.
Tadbirga Ikkinchi jahon urushining oltiariqlik tirik afsonalari, front orti mehnat faxriylari, huquq-tartibot idoralari, korxona, tashkilot, muassasalar rahbarlari, tuman faollari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.
Tuman madaniyat uyining urush yillarini gavdalantirgan teatrlashtirilgan dasturi va iste'dodli xonandalar tomonidan ijro etilgan taronalar mehr-oqibat, bag’rikenglik va xayr-saxovatni yanada mustahkamlashga qaratilgani, tinchlikning qadriga yetishga undagani bilan ham kechaga o’zgacha shukuh baxsh etdi.
– Istiqlol yillari men uchun quvonchli damlarga boy bo’ldi. Urushning og’ir asorati yuragimni tirnasa-da, farzandlarim va nabiralarimning orzu-havaslarini, mamlakatimizda inson omiliga ko’rsatilayotgan g’amxo’rliklarni ko’rishdek baxt nasib etganidan, tinch-osoyishta yurtda shukronalik davralarining to’rida ekanligimizdan baxtiyorman. O’tgan yillarda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan beqiyos islohotlar tufayli bepul muqaddas Haj ziyoratini ado etib qaytdim. Biz – faxriylar Yurtboshimizdan minnatdormiz, – deydi biz bilan suhbatda Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Qahhorjon ota Ma'rupov.
Tumandagi “Shabboda” to’yxonasida fayzli dasturxon atrifida tashkil etilgan bayram dasturida Ikkinchi jahon urushida va undan keyingi davrlarda, istiqlol yillarida xizmat burchini bajarish chog’ida halok bo’lgan harbiy xizmatchilar hamda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining xotiralari ham yodga olindi.
Tarixiy xotira bilan yashash, keksalar va yoshlarga g’amxo’rlik ko’rsatish xalqimizga xos insoniy fazilatlardandir. Zero, mard va jasur bobolarimiz bizlarning faxrimizdir. O’zbekistonimizning gullab-yashnashi va ravnaqi yo’lida samarali xizmat qilgan keksalar esa hamisha e'zozu ardog’imizdadir.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat