Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
OKEAN ORTIDA HAM MASHHUR UZUMLAR
2023-12-22 09:56:57 858
Oltiariq tumanida yetishtirilgan uzumlar AQSh bozorlariga ham kirib bordi. Tumandagi “Sherakhun” xususiy korxonasi tomonidan joriy yil noyabr oyi boshlarida sinov tariqasida Qo’shma Shtatlarga yuborilgan 1 tonna uzum “NetCost” oziq-ovqat savdo markazlari tarmog’ining Nyu-York nuqtalariga qadoqlanib, tarqatildi va ikki kunning ichida xaridorgir bo’lib, sotildi.
Bu jarayonda AQShning Qishloq xo’jaligi departamenti va Oziq-ovqat mahsulotlarining sanitar nazorati boshqarmasi “FDA” tomonidan Oltiariq uzumlarining eksport uchun meva karantin talablariga mosligi o’rganib chiqildi va ijobiy xulosa taqdim etildi.
Amerikadagi yirik supermarketlar bilan hamkorlik qiluvchi “E.L.A. Superior Produce Inc.” kompaniyasi bilan “Sherakhun” xususiy korxonasi o’rtasida doimiy eksport shartnomasi imzolandi. Shartnomaga ko’ra, endilikda 250 tonna “Kelinbarmoq” navli uzum okean ortiga samolyotlarda yetkazib beriladi va bu savdo aloqalari doimiy davom etadi. Amerika kompaniyasi kelajakda tezkor yetkazib berishni ta'minlash maqsadida Oltiariq tumanida “FDA” litsenziyasidan o’tgan AQSh meva-sabzavot bazasini yaratib, u yerning o’zida xorijiy standart talablari asosida karantin ruxsatnomasini rasmiylashtirish va qadoqlash tizimini yo’lga qo’yish uchun sarmoya kiritish sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshiradi.
Tadbirkor Shavkatjon Aliqulov rahbarligidagi “Sherakhun” xususiy korxonasi Rossiya va Belarus davlatlariga ham Oltiariq uzumlarini eksport qilib keladi. Belarus bozoriga jadal kirib borib, mamlakatdagi “Dobronom”, “Sosedi”, “Korona”, “Grin” kabi 7 ta yirik supermarket tarmoqlariga doimiy uzum yetkazib berdi. Ayni kunda korxona tomonidan umumiy hajmi 400 tonna meva-sabzavot ombori qurilishi poyoniga yetmoqda.
E'tiborga molik jihatlardan yana biri. Joriy mavsumda Farg’ona viloyatidagi uzumzor bog’larda yetishtirilgan 208 ming 400 tonna uzumning 61 ming 800 tonnasi Oltiariq tumani hissasiga to’g’ri keldi.
Bu bejiz emas, albatta. Azal-azaldan mirishkor dehqonlar sifatida tanilgan oltiariqliklar har qarich yerdan foydalanish hadisini olgan. Bu zaminda yetishtirilgan sarxil uzumlarni tatib ko’rgan kishi bog’bonlar mehnati va mahoratiga qoyil qoladi. Tuproq bilan tillashish va dillashini hush ko’rgan oltiariqliklar uzum ekish saqlash, turlarini ko’paytirish va sotish juda katta hayotiy tajribaga ega. Boisi, keyingi yillarda soha rivoji yo’lida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar tillorang, tilyorar uzum yetishtirish hajmini oshirdi, sifatini yaxshilash imkoniyatini berdi.
- Bunday e'tirof va e'tirofga o’z o’zidan erishilgani yo’q,-deydi tuman hokimligi qishloq xo’jaligi bo’limi mudiri Umidjon Bozorov.- Prezidentimizning meva-sabzavotchilik sohasida qo’shimcha qiymat zanjirini yaratish, uzumchilikni rivojlantirishda klaster, kooperatsiya tizimini joriy etish to’g’risida bergan imtiyoz va imkoniyatlari soha rivojida muhim dasturamal bo’lmoqda. Unumdorligi past, kam hosilli g’alla maydonlari bosqichma boschiq qisqartirib, uning o’rniga yangi tokzolar tashkil etilgani o’z samarasini ko’rsatdi. Keyingi to’rt yilda tumanimizda 3000 ming gektar maydonda yangi uzumzorlar tashkil etildi. Yaxshi niyatda ekilgan 1400 gektar maydondagi dastlabki uzum ko’chatlari hosilga kirdi. Har gektar yerdan olingan hosildorlik salmog’i 25-30 tonnaga yetdi. Shu kunga qadar uzum va meva yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va sotish yo’nalishlarida umumiy qiymati 70 mlrd. 654 mln. so’m bo’lgan 11 ta istiqbolli loyihalar ishga tushirildi.
Bu juda katta imkoniyat. Avvalari ham oltiariqlik tomorqachilar uzum yetishtirgan. Ammo, sarxil mahsulotning asosiy qismini ichki va yaqin qo’shni mamlakatlarga sotish bilan kifoyalangan. Sababi, xalqaro bozor talablariga mos, bir nav va ko’rinishga ega bo’lgan hosilni aholidan yig’ishtirib olishning imkoniyati yo’q edi. Bugun hamma narsa o’zgardi. Femer va kooperatsiya egalari tomonidan tashkil etilgan yirik uzumchilik plantatsiyalari mijozlar talab va istaklariga mos va xos bo’lgan sarxil uzum navlarini yetishtirib bermoqda. Joriy yilning o’zida umumiy qiymati 104 million 376 ming AQSh dollariga teng bo’lgan 9 ming 600 tonnadan ortiq mahsulot turlari Rossiya, YEvropa, Arab Amirliklari va okean orti mamlakatlariga ekspor qilinmoqda.
Shu kunga qadar mahsulotning asosiy qismi asosan kuz oylarida tashqi bozorga sotilgan. Endilikda bu mevalarni yil davomida eskport qilish imkoniyati yaratildi. Keyingi ikki yilda tashabbuskor tadbirkorlar say'-harakati bilan umumiy sig’imi 68 ming 800 tonna bo’lgan, 83 ta zamonaviy energiya tejamkor muzlatgichlar ishga tushirilgani mevalarni saqlash va sotishda o’ziga xos qulayliklar berdi. Ayni kunda mavjud omborlarda 4 ming tonnadan ortiq “Kelinbarmoq”, “Husayni”, “Rizamat”,”Mersedes” singari uzum navlari saqlashga qo’yilgan.
Tumandagi “Ko’lbo’yi” mahallasi uzum yetishtirish va uni saqlashda o’ziga xos tajribga ega. Har bir hovlining uzum ishkorlari bor. Mahallada uzum pishig’igacha hosil saqlash hadisini olgan mirishkorlar ko’p. Ularning bu boradagi izlanish va mahoratlariga qoyil qolmay ilojingiz yo’q. Xusanboy G’ofurov uzumchilar sulolasining beshinchi avlodi bo’ladi. Bu xonadonda qish chillasida ham huddi yangi uzilgan, bandi ko’m-ko’k holda saqlanayotgan uzumlarni ko’rib bahridilingiz ochiladi.
-Uzumlarni keyingi yil hosili pishguncha saqlaymiz,-deydi mirishkor. - Uning uch hil usuli bor. Birinchisi uzumni tokdan uzmay, sovuq ob-havodan himoya qilib saqlaymiz. Yana biri, maxsus qutilarga joylab, an'anaviy uy-sharoitda saqlash. Eng ommalashgan turi, “bakalashka” ya'ni plastik idishlarda saqlash hisoblanadi. Keyingi yillarda bu usul ancha ommalashdi. Bunda pishga uzumni kaltagi bilan kesib, plastik idishdagi suvga solib qo’yiladi. Natijada, uzum uzoq vaqt o’z tami va ko’rinishini yo’qotmay turishida qo’l keladi. Lekin hamma uzum navlari ham bu an'analarga mos kelmaydi. Shu bois, “Kelinbarmoq”, ”Xusayni”,“ Mersedes” uzumlarini nol gradusdan past bo’lmagan uy sharotida saqlash har jihatdan foydali.
Xonadonda uzum saqlashga moslashgan omborxona qurilgan. Har bir xonada 500 kilogrammdan 2, 5 tonnagacha uzum saqlash imkoniyati bor. Uzumchi bog’boning aytishicha, tomorqada xorijdan keltirilgan “Avatar”,”Aliveka” singri mahalliy iqlim sharoitimizga mos serhosil, eksportbop urug’siz uzum navlarini yetishtirish borasida ish olib boryapti. Halol mehnati ortidan ko’pning e'tiboriga tushdi. 2021 yilli “Namunali tomorqachi” ko’krak nishoni bilan taqdirlandi.
Mahalladagi 575 ta xonadonning aksariyatida uzum yetishtiriladi. Mehnat qilgan odamlar, izlanishlari rohatini ko’rmoqda. Bularning evaziga to’ylar bo’lyapti, shinam uy-joylar qurilyapti. Dayarli har bir oilada avtomashina bor. Mahalla uzumchilik yo’nalishida agroturizm an'analari rivojlanyapti. Uzum yetishtirish, saqlash borasidagi ish tajribalar bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish istagida bo’lgan xorijlik va mahalliy sayyohlar safi ko’paymoqda. Bu ezgu amallar tumandagi “Chinortagi”,”Uzumchi” “Mirfozil” mahalla fuqarolar yig’inlari aholi xonadonlarida ham rivojlanib taraqqiy etyapti.
Oltiariq uzumchilik maktabi haqida so’z ketganda, asrlar davomida qarovsiz, yaydoq dala- dashtdagi 1000 gektar maydonda yaratilgan “Yangi O’zbekiston” uzumchilik bog’i e'tiborimizni tortadi. Bu bog’larga kelgan kishi ko’z ilg’amas kengliklarda yasatanib ketgan uzumzorlarga oshifta bo’ladi. Qishloq xo’jaligini rivojlantirish borasida olib borilayotgan amaliy islohotlar natijasida tosh-shag’aldan iborat bo’lgan maydonlarda yangi rizq-ro’z manbasi paydo bo’ldi. Yangi quduqlar va hovuzlar qazilib qir–adirlarga obi-hayot kirib bordi. Yaxshi niyatda ekilgan ko’chatlar tup olib yaproq yozdi. O’zlashtirilgan maydonlarning 560 gektarida tokzor barpo etilib, “Xusayni”,”Kelinbarmoq”,”Rizamat”,”Kishmish”singari bozorgir uzum navlari parvarishlanyapti. 300 gektar intensiv bog’da olma, gilos, o’rik ko’chatlari baravj rivojlanmoqda. Bu yerda 2 mingdan ortiq uzumchi bog’bonlar ish bilan ta'minlandi. O’tgan yili ekilgan uzum nihollarini sovuq havo haroratidan ehtiyotlash maqsadida ko’mib qo’yilibdi.
-Yigirmasotix yerga 600 tup danaksiz “Avatar” navli uzum ko’chatlari olib kelib parvarishlayapmiz. Ko’chatlarimiz kelgusi yildan hosilga kiradi,-deydi qo’rg’ontepalik Murojdon Mavlonov.- Nihollar mahalliy yer, ob-havo sharoitiga mos kelib, yaxshi rivojlandi. Danaksiz uzumlarga tashqi bozorda talab yuqori. Ekin yerlaridan unumli foydalanish maqsadida ko’chatlar orasiga ertaki va to’qsonbosti usulda sabzavot, poliz ekinlari ekib daromad olyapmiz.
Yangi bog’lar yaratish, uzum yetishtirish, saqlash va sotish bilan bog’liq mustahkam zanjir yaratilishida uzumchilik kooperatsiyalarining o’rni katta bo’lmoqda. Ayni kunda bu yo’nalishda 6 ta kooperatsiya tashkil etilgan.
-Dehqonchilikda hamjihatlik bilan ish olib borish muhim,-deydi “Yangiobod zamin nihollari” uzumchilik kooperatsiyasi rahbari Qobiljon Xolmatov.-O’ttiz olti gektar yerda uzumchilik kooperatsiyasi tashkil qilganmiz. Ellikdan ortiq a'zolarimiz bor. Bu usulda ish olib borish har jihatdan qulay va samarali. Ekin ekish, agrotexnik tadbirlarni o’z vaqtida o’tkazish, saqlash va sotish amallarini o’zaro bamaslaxat, aniq hisob- kitoblar asosida olib boramiz. Bu sifatli mahsulot yetishtirish, zararli hashoratlarga qarshi birgalikda kurashish, tan-narxini arzonlatishda muhim hisoblanadi. Shu kunga qadar, bog’ qator oralariga ishlov berishga ixtisoslashgan 3 ta mini traktor” Isuzi”, “Fura” singari yirik yuk tashish mashinalarini xarid qildik. Bu o’zimizning uzum bog’larda yetishtirilgan mahsulotlarni to’g’ridan-to’g’ri ichki va tashqi bozorga sotish imkoniyatini bermoqda.
Sarxil meva yetishtirish hajmi va sifatini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirishda serhosil, hududlar yer va iqlim sharoitiga mos bo’lgan ko’chat yetishtirish muhim hisoblanadi. “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo’jaligi tomonidan 75 gektar yerda uzumchilik plantatsiyasi tashkil etilgan. Bu yerda 20 turdagi xorij va mahalliy uzum navlarini parvarishlash, ko’paytirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.
-O’tgan bahor mavsumida 250 ming tup sarhil uzum ko’chatlari yetkazib berdik,-deydi fermer xo’jaligi rahbari Isaqjon Boymatov.-Asosiy e'tiborimizni ichki va tashqi bozorda xaridorgir bo’lgan “Kelinbarmoq” ,”Xusayni”, ”Rizamat”,” Mersedes”navlarini ko’paytirishga qaratyapmiz. Bundan tashqari, bobmeros uzum navlarini qayta tiklash maqsadida “Ef-1”, ”Maksim” singari yangi uzum navlarini mahalliylashtirish borasida izlanishlar olib boryapmiz. Bu navlar ertapishar, serhosil va uzoq vaqt saqlanish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ayni kunda ko’chat ekish mavsumi uchun 200 ming tupdan ortiq sara uzum ko’chatlari yetkazib beramiz.
Sirasini aytganda, uzumchilik borasida to’plangan Oltiariq tajribasini ommalashtirish yo’lida amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohotlar aholi farovonligini oshirib, eksport salohiyatini yuksaltirish imkoniyatini bermoqda.
Rasuljon Kamolov
“Yangi O’zbekiston” muxbiri.