Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
DILBANDI UCHUN KURASHGAN ONA
2023-12-01 17:44:08 916
uning talabi apellyatsiya sudida qanoatlantirildi
Ma'lumki, hayotda voyaga yetmagan farzandni onasidan ayro holda tasavvur qilish juda mushkul. Uzrli sabablar va vaziyat taqozosi tufayli bo’lishi esa boshqa gap. Farzand onasidan ruhiy quvvat olib turadiki, buni volidasi bilan birga yoki undan ajratilgan sharoitda yashagan bolaning fe'l-atvori, o’zini tutishi, o’zgalar bilan munosabati, qiziqishlaridan tez ilg’ab olish mumkin.
Quva tumanida yashovchi Maftunaxon Sulaymonova va uning sobiq turmush o’rtog’i Dilmurod Qobilov o’rtasida yuzaga kelgan fuqarolik nizosini sudda ko’rish jarayonida ana shu fikrlar kechdi xayolimdan.
Aniqlanishicha, Dilmurod bilan Maftunaxon 2012 yilda shar'iy nikoh asosida turmush qurishgan. 2015 yil iyul oyida esa Zangiota tumani 1-sonli FHDYo bo’limida qonuniy nikohdan o’tishgan. Bu orada – 2013 yil 20 iyunda birinchi farzandlari Sheraliyeva Muslimaxon Dilmurod qizi tug’ilgan. 2015 yil 15 sentyabrda esa o’g’illari Elmurod Sheraliyev dunyoga kelgan. Ammo keyinchalik er-xotinning o’rtasiga sovuqchilik tushib, oila parchalangan. Bunga D.Qobilovning ichkilikka ruju qo’ygani sabab bo’lgan. Shu bois ular 2019 yildan buyon birga yashashmaydi. Faqat goh-gohida bolalarini ko’rib ketib turgan ota. So’nggi marotaba – 2023 yil may oyida Dilmurod farzandlarini ko’rgani kelganida Elmurodni qaytarish sharti bilan Zangiotaga olib ketadi. Biroq u o’g’lini qaytarib kelmaydi. Aksincha, farzandlarining doimiy yashash joyini Toshkent viloyati Zangiota tumani “Bog’ishamol” mahallasidagi o’zi istiqomat kelayotgan uy sifatida belgilab berishni so’rab, fuqarolik ishlari bo’yicha Farg’ona tumanlararo sudiga da'vo ariza kiritadi. O’z da'vosiga ota sobiq rafiqasi farzandlarini qaynonasiga tashlab, Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun ketganini asos qilib keltiradi. Binobarin, sudning 2023 yil 21 avgustdagi hal qiluv qarori bilan uning da'vosi qanoatlantiriladi. Ya'ni Muslimaxon va Elmurodning doimiy yashash manzili sifatida Zangiota tumanidagi ota uyi belgilanadi. Lekin...
Lekin sud qaroridan norozi bo’lgan M.Sulaymonova Farg’ona viloyat sudiga apellyatsiya shikoyatini beradi. Maftunaning ta'kidlashicha, xo’jayini spirtli ichimlikka mukkasidan ketgani bois farzandlari va o’zining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida 2019 yildan buyon Rossiya davlatida ishlab keladi. Bu davrda Muslima bilan Elmurod onasining qaramog’ida qolishgan. Birinchi instantsiya sudi qarorida bolalarning doimiy yashash joyi sifatida belgilagan uy-joy qaynog’asiga tegishli. Er-xotin ilgari birga yashagan paytlarida ham turli joylarda, noqulay bo’lgan sharoitlarda ijarada turishgan. Shu bois ayol bunday sarsonlikdan charchab, farzandlarini olib, Quva tumaniga – ota uyiga ketib qolgan. Shundan buyon bolalar mazkur tumandagi maktabda o’qib kelishgan. Rossiyada ishlagan vaqtida ham onasiga pul yuborib, farzandlarini moddiy jihatdan to’liq ta'minlab kelgan. Negaki Dilmuroddan sud hujjati asosida aliment undirish belgilangan bo’lsa-da, u zimmasidagi otalik majburiyatini bajarmagan.
Bundan tashqari, 2023 yil may oyida xo’jayini Elmurodni olib ketgach, o’zi ham, qizi ham uni sog’inib qolishgan.
Fuqarolik ishi hujjatlarida Maftuna Sulaymonovaning axloqiy va shaxsiy fazilatlari bilan voyaga yetmagan farzandlarining tarbiyasiga salbiy ta'sir etganligidan dalolat beruvchi, xususan ularning jismoniy va ruhiy sog’lig’iga, axloqiy kamolatiga zarar yetkazish mumkin bo’lgan yoki ularni mensimaslik, shafqatsizlik, qo’pollik, insoniy qadr-qimmatni kamsituvchi muomala qilganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas. Qolaversa, apellyatsiya instantsiyasi onalik va bolalikni himoya qilish, bolalarning umuminsoniy qadriyatlarini hurmatlashdek yuksak vazifalarga tayanib, hech qanday omil bolaning manfaatlaridan ustun turmasligini, bolalarni bir-biridan ajratib tarbiyalash ularning ruhiyatiga salbiy ta'sir ko’rsatishini inobatga olib, birinchi instantsiya sudining qarorini voyaga yetmaganlarning hoxish-irodasiga zid deb hisobladi.
Garchi, voyaga yetmagan Elmurod Sheraliyev apellyatsiya sudi majlisida otasinikida yashashni istashi, onasi bilan birga istiqomat qilishni xohlamasligini bildirsa-da, apellyatsiya instantsiyasi bola otasining uyida onasi haqida salbiy fikrlarni eshitaverishi oqibatida shunday qarorga kelganligini e'tiborga oldi. Bu ham yetmagandek, birinchi instantsiya sudi ishni Maftunaning ishtirokisiz ko’rib, uni da'vo ariza yuzasidan tushuntirishlarini eshitish choralarini ko’rmagan.
Fuqarolik protsessual kodeksining 399-moddasiga binoan, sud ishni apellyatsiya tartibida ko’rib chiqqach, o’z ajrimi bilan ishni yangidan ko’rish uchun yubormasdan hal qiluv qarorini o’zgartirishga yoki hal qiluv qarorini butunlay yoki qisman bekor qilishga va yangi hal qiluv qarori chiqarishga haqli. Ana shu asoslarga tayangan Farg’ona viloyat sudi apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirdi. Ya'ni fuqarolik ishlari bo’yicha Farg’ona tumanlararo sudining 2023 yil 21 avgustdagi hal qiluv qarorini bekor qilib, D.Qobilovning da'vosini rad etish to’g’risida ajrim chiqardi.
Shu tariqa Maftuna Sulaymonova dilbandlari o’zi bilan birga yashashi uchun kurashib, maqsadiga erishdi.
Bosh qomusimizning 78-moddasida “Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat'i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to’laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi” deya qayd etilgan. Shu ma'noda aytganda, Farg’ona viloyat sudining yuqoridagi ajrimi qabul qilinishi tufayli mazkur konstitutsiyaviy qoida hayotiy ifodasini topdi, deyish mumkin.
Rahimjon QOSIMOV,
Farg’ona viloyat sudining sudyasi