Shrift o'lchami Rang Rasm

Ижтимоий тармоқлар

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 0 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

HOKIMIYATLAR BO’LINISHI MUHIM KONSTITUTSIYAVIY TAMOYILDIR

×

 2023-09-22 15:10:38    338

PDF yuklash
Chop etish


Hozirgi kunda jahondagi barcha demokratik davlatlar hokimiyatlar bo’linishi nazariyasini e'tirof etishib, uni davlat hokimiyatini tashkil etishning asosi sifatida qabul qilishgan. Hokimiyatlar bo’linishi o’z manbasiga ko’ra yaxlit va yagona bo’lgan davlat hokimiyatining uch mustaqil tarmoqqa - qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga – bo’linishini, har bir hokimiyat tarmog’i boshqalardan mustaqil holda faoliyat yurgizishini taqozo etadi. Ayni paytda, hokimiyatlar bo’linishi, har bir hokimiyat tarmog’i boshqasinining o’z vakolat doirasidan chiqmasligini, boshqa tarmoq vakolati doirasiga o’tib ketmasligini nazorat qilib turadi, shu tariqa hokimiyatning suiiste'mol qilinishini oldi olinadi. Hokimiyatlar bo’linishi chinakam bo’lishi uchun, unda «bir-birini tiyib turish va o’zaro muvozanatda ushlab turish» tizimi amal qilishi kerak. Bu tizim nafaqat hokimiyatlar bo’linishini, balki, ularning bir-birini o’zaro tiyib turishini va bir birining faoliyat doirasiga daxl qilmasligini ta'minlaydi.

Hozirgi kunda hokimiyatlar bo’linishi printsipi demokratik huquqiy rivojlanish yo’lidan ketayotgan davlatlarda ham nazariy, ham amaliy jihatdan e'tirof etilgan, hamda davlatchilik tizimida amalga oshirilib kelinmoqda. Yuqorida ta'kidlanganidek, hokimiyatlar bo’linishi printsipining haqiqiy amalga oshishi uchun unda «bir-birini tiyib turish va muvozanatda ushlash» tizimining mavjudligi va real ishlashi muhim. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida «bir-birini tiyib turish va muvozanatda ushlash» tizimining huquqiy asoslari mustahkamlangan1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida O’zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo’linishi printsipiga asoslanishi belgilab qo’yilgan.

Zamonaviy dunyoda hokimiyat vakolatlarining taqsimlanishi printsipi demokratik huquqiy davlatning eng muhim belgilaridan biri hisoblanadi. Bunday printsip muayyan davlatda biror organning yoki alohida davlat rahbarining kuchli diktaturasi o’rnatilishining oldini oladi, davlat organlarining vakolatlari, vazifalari aniq bo’lishini ta'minlaydi, bir organning ikkinchi organ ishlariga aralashuviga barham beradi, boshqarish sohasida chalkashliklar kelib chiqishiga yo’l qo’ymaydi.

O’zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo’linishi printsipiga asoslanadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali (yuqori – Senat, quyi – Qonunchilik palatasi) Oliy Majlis tomonidan, ijro hokimiyati Vazirlar Mahkamasi tomonidan, sud hokimiyati esa faoliyat yo’nalishiga qarab Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud tomonidan amalga oshiriladi.

Konstitutsiyamizda shu uchala hokimiyat organlarining tashkil etilishi, vazifalari, vakolatlari belgilab qo’yilgan. Shu bilan birga, ularning o’zaro faoliyati va o’zaro munosabatlari haqida qoidalar ham o’rnatilgan.

Har qanday jamiyatda bo’layotgan islohotlar bir nuqtada qotib qolmaganidek, O’zbekiston taraqqiyoti jarayonida ham aynan shu yo’nalishdagi islohotlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda.

Mamlakatimizda parlament tomonidan Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish huquqi ham joriy etildi. Parlamentning hukumat faoliyatini qo’llab-quvvatlamaslik shu tartibda ifoda etiladi. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo’shma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masalaning kiritilishini belgilovchi normaning ahamiyati va salmog’i ham davlat mexanizmida benihoya kattadir. Chunki, bu orqali hukumat va parlament munosabatlarida barqarorlikni ta'minlash nazarda tutildi.

So’nggi yillarda fuqarolarning jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi rolini kuchaytirish, hokimiyatlar bo’linishi konstitutsiyaviy printsipini hayotga izchil tatbiq etish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari hamda nazorat vazifalarining rolini kuchaytirish bu yo’nalishdagi islohotlarni yanada yuqori bosqichga ko’tardi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqib, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli yilga mo’ljallangan Davlat dasturi bajarilishining borishi to’g’risidagi hisobotini Oliy Majlis palatalarida ko’rib chiqish instituti qonunchiligimizda mustahkamlandi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining a'zolari O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Qonunchilik palatasi ma'qullaganidan keyin kiritilgan taqdimiga binoan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanishi va lavozimidan ozod qilinishi belgilandi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a'zosining lavozimiga nomzod uning nomzodi Qonunchilik palatasida ko’rib chiqilayotganda va ma'qullanayotganda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o’zaro bog’liq bo’lgan, istiqbolga mo’ljallangan maqsadli ko’rsatkichlar va vazifalarga erishish borasidagi huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi harakatlar rejasini taqdim etishi nazarda tutildi.

Bu islohotlar Konstitutsiya va milliy qonunchiligimiz negiziga qurilgan milliy davlatchiligimizning barqarorligi ta'minlab, uning xalq irodasi va manfaatlari asosida qurilgan poydevori yanada mustahkamladi. Shuningdek, davlat boshqaruvining yanada samarali modeli tatbiq etilishiga yangi huquqiy zamin yaratilishi xalq farovonligi yuksalishi hamda yurtimizning xalqaro maydondagi nufuzini ortishiga ham xizmat qildi.

Xulosa qilib aytganda, o’zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati asosida xokimiyatlar bo’linishi tamoyili demokratik davlatning eng asosiy belgisi bo’lib, bu davlatning rivojlanishiga hizmat qiladi.

 

Oltiariq tumani Adliya bo’limi

Yuridik xizmat ko’rsatish markazi

bosh yuriskonsulti O.A.Abduqaxxorov