Shrift o'lchami Rang Rasm

Ижтимоий тармоқлар

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 17 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

TARAQQIYOT STRATEGIYASIDA NAZARDA TUTILGAN ADOLAT VA QONUN USTUVORLIGINI TA'MINLASHGA DOIR VAZIFALAR

×

 2023-09-22 15:00:54    342

PDF yuklash
Chop etish


“Yangi O’zbekistonni barpo etish – u shunchaki xohish-istak, sub'ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo’lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy vaziyatning o’zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to’la javob beradigan ob'ektiv zaruratdir”.

Sh.M.Mirziyoyev.

Oxirgi yillar davomida amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda Yangi O’zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma'rifiy asoslari yaratildi.

Endilikda, bosib o’tilgan yo’l va orttirilgan tajribalar, erishilgan yutuq va kamchiliklarni chuqur tahlil qilish orqali «Inson qadri uchun» tamoyiliga asoslangan holda aholi farovonligini ta'minlash, demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakat taraqqiyotini jadallashtirishning muhim ustuvorliklari hamda aniq marralarini belgilash vazifasi oldimizda turibdi.

Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida «Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan hamda Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi sifatida «2022 — 2026 yillarga mo’ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi.

Avvalambor, «Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi», degan nomning mazmun-mohiyatiga muxtasar to’xtalamiz. Zero, bu nomning kelib chiqishi, fikrimizcha, bir qator muhim omillarga borib taqaladi.

Ushbu nom Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi — Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi ekanini anglatadi. Agar Harakatlar strategiyasida 5 ta ustuvor yo’nalish belgilab olingan bo’lsa, Taraqqiyot strategiyasida ham ushbu ustuvor yo’nalishlar davomiyligi saqlab qolingan.

Shu bilan bir qatorda, taraqqiyot o’zgarishlarining yan­gi tarixiy bosqichda davom et­tirilishi ko’zda tutilgan holda, Taraqqiyot strategiyasiga 2 ta yangi ustuvor yo’nalish qo’shilyapti. Bulardan biri — ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash bilan bog’liq bo’lsa, ikkinchisi — O’zbekistonning dunyoda yuz berayotgan global muammolarga munosabati negizida belgilangan yangi ustuvor yo’nalishdir.

Shunday qilib, Yangi O’zbekistonning 2022-2026 yillarga mo’l­jallangan taraqqiyot strategiyasida quyidagi yettita ustuvor yo’nalish nazarda tutilgan:

birinchi ustuvor yo’nalish — inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;

ikkinchi ustuvor yo’nalish — mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini ta­raqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;

uchinchi ustuvor yo’nalish — milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o’sish sur'atlarini zamon talablari darajasida ta'minlash;

to’rtinchi ustuvor yo’nalish — adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;

beshinchi ustuvor yo’nalish — ma'naviy taraqqiyotni ta'minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish;

oltinchi ustuvor yo’nalish — umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish;

yettinchi ustuvor yo’nalish — mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish.

Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida «Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyili ilgari surilayotgani bejiz emas. Chunki avvalo, Harakatlar strategiyasidagi har bir yo’nalishni taraqqiyotning yangi bosqichida mantiqiy va izchil asosda rivojlantirish hamda yangi ustuvor yo’nalishlarda muhim natijalarga erishish ko’zda tutilmoqda.

Harakatlar strategiyasidan farqli o’laroq, Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini muhokama qilish jarayonida aholining katta qismi faol ishtirok etdi. Bu esa, Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasining yanada xalqchil bo’lishini ta'minladi.

Taraqqiyot strategiyasi mamlakatimizda keyingi yillar davomida amalga oshiriladigan islohotlar uchun dasturilamal vazifasini bajarib beradi. Unda mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish eng ustuvor yo’nalishlardan biri sifatida belgilangan. Buning uchun bir nechta zarur maqsadlar nazarda tutilgan.

Jumladan, mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash maqsadi belgilangan bo’lib, ushbu maqsadga xususiy mulk daxlsizligi va himoyasi kafolatlarini kuchaytirish, mulkiy, shu jumladan yer uchastkasiga bo’lgan huquqlarni so’zsiz ta'minlash, xususiy mulk ustuvorligini asosiy tamoyil sifatida belgilash, davlat idorasining rasmiy ma'lumotiga ishonib mol-mulk sotib olgan shaxsning huquqini himoya qilish tizimini joriy etish orqali erishish mumkin.

Shuningdek, ushbu maqsad yo’lida fuqarolarni yashash joyi bo’yicha hisobga olish tizimini yanada soddalashtirish va aholiga qo’shimcha qulayliklar yaratish, boshlangan islohotlarni yakuniga yetkazish, jinoyat, jinoyat-protsessual va jinoyat ijroiya qonunchiligini takomillashtirish siyosatini izchil davom ettirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tizimiga insonparvarlik tamoyilini keng joriy etish, ushbu yo’nalishda maxsus qonun qabul qilish, yuvenal adliya tizimini shakllantirish hamda bola huquqlari qonunchiligini kodifikatsiyalash belgilangan.

Yana bir asosiy maqsad sud va boshqa organlar hujjatlarining o’z vaqtida va to’liq ijrosini ta'minlash, sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishning samarali mexanizmlarini joriy etish, sud va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishning muqobil, suddan tashqari usullaridan foydalanish ko’lamini kengaytirish bilan bog’liqdir.

Umuman, Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalar mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligiga asoslangan demokratik huquqiy davlat barpo etish, fuqarolarimizning huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yuksaltirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qo’shimcha huquqiy kafolatlarni belgilashga va eng asosiysi, yurtimizda adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash orqali «Inson qadri uchun» tamoyilini to’laqonli ro’yobga chiqarishga xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O’zbekistonda mutlaqo yangi milliy huquqiy tizim shakllanmoqda. Ya'ni «Inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri — eng muhim qadriyat» degan tamoyil e'tirof etilmoqda. Eng asosiysi: Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasida yillar davomida amal qilib kelgan «davlat — jamiyat — inson» tamoyili «inson — jamiyat — davlat» tamoyiliga o’zgartirilmoqda. Taraqqiyot strategiyasining tasdiqlanishi va muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O’zbekistonda demokratik huquqiy davlat barpo etish ham­da erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali inson qadrini ulug’lashga qaratilgan ulkan maqsad va vazifalarimizga erishish imkonini beradi.

 

Oltiariq tumani adliya bo’limi

Yuridik xizmat ko’rsatish markazi

bosh yuriskonsulti A.Parmonov