Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
QONUNCHILIKDAGI YANGILIKLAR
2023-05-25 12:15:16 216
O’zbekiston Respublikasining «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-829-son Qonuni qabul qilindi. Ushbu qonun bilan Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirildi.
Ushbu Qonunga asosan, Oilaviy (maishiy) zo’ravonlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.
Xotiniga (eriga), sobiq xotiniga (sobiq eriga), bir ro’zg’or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga, umumiy farzandga ega bo’lgan shaxsga o’z huquqlarini amalga oshirishida to’sqinlik qilish, shaxsiy narsalariga qasddan shikast yetkazish, sha'ni va qadr-qimmatini tahqirlash, qo’rqitish, yaqin qarindoshlaridan ajratib qo’yish uchun quyidagi javobgarlik belgilandi:
– BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha jarima yoki 10 sutkagacha ma'muriy qamoq. Ularni do’pposlash esa 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa sabab bo’ladi.
Mazkur harakatlar ma'muriy jazo qo’llanilganidan keyin takror sodir etilsa jinoiy javobgarlikka sabab bo’ladi. Javobgarlik – BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha jarimadan boshlanib 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha.
Yuqoridagi shaxslarni do’pposlash, ularga tan jarohati yetkazish
2 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Oilaviy zo’ravonlik og’irlashtiruvchi holatlarda sodir etilsa (masalan, homiladorga, o’ta shafqatsizlik bilan, ikki yoki undan ortiq shaxsga va hk. shikast yetkazish), jiddiy oqibatlarni keltirib chiqarsa (masalan, ko’rish, so’zlash qobiliyatini yo’qotish, o’lim), 3 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishga sabab bo’ladi.
Ilgari mazkur harakatlar uchun umumiy moddalarga (badanga shikast yetkazish) asosan javobgarlikka tortilgan.
2. Shilqimlik qilish uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi.
Unga ko’ra, shaxsga nomaqbul hamda uning sha'ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega harakatlarni sodir etish BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga yoki 5 sutkagacha ma'muriy qamoqqa sabab bo’ladi.
Ilgari mazkur harakatlar uchun javobgarlik belgilanmagan.
3. Aliment to’lamagan shaxs majburan ishlatilib, puli bolalari ta'minotiga yo’naltiriladi.
Haq to’lanadigan jamoat ishlariga majburiy ravishda jalb etish jazosi kiritildi. U sudlar tomonidan 8 soatdan 240 soatgacha muddatga tayinlanadi.
Ma'lumki, aliment qarzdorligi jiddiy muammoga aylangan. Aliment to’lamay yurgan shaxslarni 15 sutkaga qamash yoki jarimaga tortish mumkin. Biroq aksariyat hollarda bundan aliment oluvchiga umuman naf yo’q.
Aksincha, qamoqqa olingan aliment to’lovchi 15 sutka ishlab pul topish imkoniyatidan mahrum bo’ladi, jarima jazosi esa uning ahvolini yanada og’irlashtiradi.
Endi ular majburiy jamoat ishlariga ham jalb etiladi va ish haqining teng yarmi alimentga ushlab qolinadi.
3. Ayol kishini “abort” qilishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Ayolni abortga majburlash uchun javobgarlikning quyi chegarasi – BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha jarimadan boshlanib yuqori chegarasi – 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilandi.
Ilgari javobgarlik BHMning 50 baravarigacha jarimadan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlarigacha edi.
4. Jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar ta'lim-tarbiya tashkilotlarida ishlashi taqiqlandi.
Qasddan odam o’ldirgan, 18 yoshga to’lmagan shaxs nomusiga tekkan, jinsiy ehtiyojni g’ayritabiiy usulda qondirgan, ularga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilgan, voyaga yetmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotlar bilan muomala qilgan, terrorizm uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar ta'lim, tarbiya, bolalar sog’lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug’ullanishi taqiqlandi.
Ilgari mazkur cheklovlar mavjud bo’lmagan.
Farg’ona viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi
Lazizbek ASQAROV