Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
Yangi O’zbekistonda murojaat qilish huquqi institutining takomillashtirilishi.
2022-11-21 10:04:59 268
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida “Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart” deb belgilab quyilgan.
Mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat barpo etish hamda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishda fuqarolarning murojaatlariga doir qonun hujjatlariga rioya etgan holda ish yuritish eng dolzarb vazifa hisoblanadi. Chunki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining I-bob 2-moddasida ham bu aniq qilib "Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qilishi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas'ul" ekanligi belgilab qo'yilgan.
O‘zbekiston Respublikasida har bir shaxsning davlat organlariga, muassasalariga, korxonalariga, tashkilotlariga yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqi konstitutsiyaviy norma asosida shakllangan. Konstitutsiyada shaxslarning ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish turlari mustahkamlab qo‘yilgan. O‘z navbatida, har bir shaxs ushbu konstitutsiyaviy huquqini bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda amalga oshirishlari mumkin. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
Fuqarolarning murojaat qilish tartibi Konstitutsiyada mustahkamlangan, shuningdek, “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi, kabi qonunlar orqali amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 11-sentabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunida fuqarolarning murojaat qilish huquqlarini amalga oshirish tartibi belgilab qo’yilgan. Unga ko‘ra, aholining davlat organlari bilan munosabatga kirishlarining huquqiy tartibi ushbu qonun bilan tartibga solingan bo‘lib, nazarda tutilgan qoidalar barcha davlat organlari, davlat ishtirokidagi tashkilotlarga va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun birdek amal qiladi.
Ushbu Qonun mamlakat hududidagi barcha davlat organlari va davlat muassasalariga, ularning mansabdor shaxslariga jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra, bugungi kunda shaxslarning murojaatlari qonuniylik, o‘z vaqtida va to‘liq ko‘rib chiqish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda ma’muriy buyruqbozlikka yo‘l qo‘yilmasligi, murojaatlarni ko‘rib chiqishda davlat organlari, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslari faoliyatining shaffofligi tamoyillari asosida amalga oshirilishi shart.
Qonunchilikda har bir shaxsning davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga murojaat qilish huquqini amalga oshirishlarida boshqa shaxslar, jamiyat va davlatning manfaatlari ham hisobga olingan, javobgarlik masalalari ham mustahkamlab qo‘yilgan.
Mamlakatimizda “murojaat”ning uch turi mavjud bo’lib bular og‘zaki, yozma yoki elektron shakllari. Murojaatlar ariza, taklif yoki shikoyat tarzida berilishi mumkin.
Murojaatlar qanday shakl va turda bo‘lishidan qat’i nazar huquqiy jihatdan tengdir. Qilingan murojaatlar tegishlicha davlat organi yoki murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ma’sul shaxs tomonidan ko‘rib chiqiladi va ijrosi ta’minlanadi.
Qonunchilikka ko‘ra, murojaatlarni ko‘rib chiqish va ijobiy hal etish qonunchilikda belgilangan tegishli huquqiy tartib va muddatlarda amalga oshiriladi. Ariza yoki shikoyat 15 kun ichida, ba’zi hollarda arizani ko‘rib chiqayotgan tashkilotga bog‘liq bo‘lmagan hollarda (boshqa korxona yoki tashkilotga so‘rov yuborish, qo‘shimcha o‘rganish, tekshirish, yoki qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda) bir oygacha muddatda ko‘rib chiqilishi mumkin. Qonunchilikda belgilanganidek muddat tegishli davlat organining rahbari tomonidan ko‘pi bilan bir oy muddatga uzaytirilishi nazarda tutilgan. Taklif bir oygacha bo‘lgan muddatda o‘rganilib, ko‘rib chiqiladi. Ushbu tartib-qoidalarni ishlab chiqishda xalq manfaatlari hisobga olingan.
Davlatimiz qonunchiligida shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-4904-son Farmoni ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash mexanizmini tartibga solib kelmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda murojaat qilish huquqidan har bir fuqaro keng foydalanishi mumkin. Yangilanayotgan O‘zbekiston uchun har bir fuqaroning jamiyat hayotida ishtirok etishi, o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda jamiyatdagi o‘rnini his qilishi, shaxsiy fikriga ega bo‘lishi fuqarolik jamiyatining asosi hisoblanadi.
Shu o‘rinda tan olish kerakki so‘ngi yillarda hukumatimiz tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlari va ularning sodda, xalq uchun qulay bo‘lgan mexanizmi Respublikamiz va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilib kelmoqda. Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va burchlariga tayangan holda jamiyat hayotini izga solinishi fuqarolik va demokratik jamiyatda ustivor vazifa ekanligi murojaatlar borasidagi qonunchiligimizda yaqqol namoyon bo‘lgan. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ushbu jihatlar yanada takomillashtirilishidan faqat fuqarolar manfaatdor bo‘ladi. Zero, qilinayotgan islohotlar nafaqat davlat, balki fuqarolarning ham hozirgi zamonaviy dunyoda qonun ustivorligi asosida yashash prinsipiga ega bo‘lishi rivojlanishning eng muhim omilidir.
Oltiariq tumani adliya bo’limi yuridik
xizmat ko’rsatish markazi boshlig’i
Djurayev Olimjon Azamovich