Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
YO’LLARNING KENG, RAVON BO’LISHI AVTOTRANSPORT VA FUQAROLAR HARAKATI UCHUN QULAYLIK DEMAKDIR!
2022-07-19 11:38:03 237
Ha, Muqaddas Xadisu-shariflarda ham, bugungi talaffuzimizda ham yo’l va ko’prik qurgan savob, deyiladi. Aslida savobning turi ko’p, hisobi yo’q. Aytaylik, yo’lda turgan toshni bir chetga olib qo’yish ham savob. Chunki agar o’sha tosh avtomashina balloniga kirib qolsa qayerdadir otilib chiqib kimgadir jarohat va yoki nimagadir jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Shu ma'noda yuqorida ta'kidlaganimiz, yo’l qanchalik soz va ravon bo’lsa yo’lovchi ham, transport harakati ham xavfsiz bo’ladi.
Farg’ona viloyatining Oltiariq tumanidagi yo’llardan foydalanish unitar korxonasi mehnat jamoasining niyati ham transport va piyodalarning harakati uchun qulaylik yaratishdan iborat. Korxona jamoasi manzillarga eltuvchi yo’llarni bosqichma-bosqich joriy ta'mirdan chiqarish orqali aholining uzog’ini yaqin, mushkulini oson qilish maqsadida vaqt bilan hisoblashmay mehnat qilishmoqda.
Tumanning ko’plab qishloqlaridagi yo’llar infratuzilmasi uzoq yillar davomida og’ir hudud sanalib, ko’chalar yozda chang, qishda loy, o’nqir-cho’nqir bo’lib, transportlar harakatlanishi qiyin kechgan. Ayniqsa fuqarolarning ishga, o’quvchilarning esa tuproq kechib maktablarga borishlari oddiy holga aylangan edi. Endilikda aholining hayot tarzi tamomila o’zgardi. Saratonning jaziramasida deymizmi, qishning qirchillama izg’irinidami mehnat qilayotgan yo’lsozlar qudratli texnikalardan unumli foydalangan holda tor yo’llarni kengaytirib, asosiy qismiga shag’al to’kib, asfalt yotqizib, notekis hududlarni ravon holga keltirishmoqda. Ana shunday xayrli va savobli ishlari bilan yo’lsozlar olis mahallalarga ham yangi hayot nafasini olib kirishyapti.
- Korxonamizda yo’l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga katta e'tibor qaratganmiz, - dedi korxona direktori Nodirjon Yo’ldoshev. - Chunki kundan-kunga rivojlanib borayotgan mamlakatimizda zamon talablari darajasidagi yo’llarni qurish biz soha mutaxassislaridan katta mas'uliyat talab qilmoqda. Qolaversa, bu masala shaxsan mamlakatimiz rahbari tomonidan alohida e'tiborga olinayotgani bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda tumanimizda umumiy foydalanishdagi avtomobil yo’llarini zamonaviy talablarga moslashtirish va texnik parametrlarini oshirish borasida bir talay ishlarni amalga oshirdik. Bu vazifalarni bajarishda bizga O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 9 dekabrdagi “O’zbekiston Respublikasi yo’l xo’jaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari to’g’risida”gi farmoni dasturilamal bo’lib xizmat qilmoqda. Farmonda yo’l xo’jaligini boshqarishning zamonaviy tuzimini yaratish, nazorat va xo’jalik funktsiyalarini aniq chegaralash, yo’l qurilishiga zamonaviy innovatsiyalarni keng joriy qilish maqsad qilib qo’yilgan.
Farmon ijrosini ta'minlash maqsadida korxonamizga yangi, zamonaviy texnikalar sotib oldik va shu orqali oldimizga qo’yilgan vazifalarni bajarishda duch kelgan ayrim muammolarni bartaraf qilyapmiz. Asosiysi, ishimizda hamisha bo’lganidek, sifatga alohida e'tibor qaratamiz. Qurilish ishlari ustidan doimiy ravishda texnik nazorat ishlari amalga oshirilib, aniqlangan kamchiliklar o’z vaqtida va joyida bartaraf qilib boriladi.
Korxona umum foydalanishdagi 384 kilometr avtomobil yo’llarida saqlash, joriy ta'mirlash va qishki qarov ishlarini olib boradi. Shundan 105 kilometri davlat va 279 kilometri mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo’llardir. Bundan tashqari 106 ta avtobekatlar, 64 ta ko’prik hamda 1127 ta quvurlarga ham xizmat ko’rsatamiz.
Raqamlar o’jar bo’ladi, deyishadi. Joriy yilning o’tgan oylari davomida davlat ahamiyatidagi avtomobil yo’llarida korxona ishchi xizmatchilari tomonidan 878 mln 308 ming so’mdan ortiq joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, bu boradagi saqlov rejasi 877 mln 766 so’mga yetkazildi. Mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo’llarini joriy ta'mirlash ishlari 830 mln 164 ming so’mlik etib bajarildi yoki 1 mlrd 708 mln 472 ming so’mlik joriy ta'mirlash va 2 mlrd 387 mln 851 ming so’mlik saqlov ishlari bajarildi.
Har qanday kasb sohibi o’ziga biriktirilgan vazifani sidqidildan va ko’ngildagidek, vijdonan bajarsa Yaratgan ham barakasini beraverar ekan. Bunday deyishimizning boisi, yo’lchilarning tumanda amalga oshirayotgan ishlaridan aholi behad xursand. Buni uzoq yillar bojxona organida xizmat qilib, ayni kunlarda qarilik gashtini surayotgan Katput qishlog’ida yashovchi polkovnik Boqijon hoji Abdubannopov ham tasdiqladilar.
-Aholimiz yildan-yilga ko’payyapti. Bu har bir oilaning o’z uyi, vatani bo’lishini taqozo etadi. Qishlog’imizdagi yangi mahallalarga yosh oilalar ko’chib boryapti, elga-el qo’shilyapti. Ana shu mahallalardagi ko’chalarni shag’allashtirish, asfaltlash ishiga tumanimizdagi yo’l qurilishi tashkiloti xodimlari katta hissa qo’shishmoqda. Ayniqsa korxona rahbari Nodirjondan qishlog’imiz xalqi juda minnatdor. Keyingi yillarda yurish uchun anchayin muammolar keltirib chiqarayotgan ko’chalarimiz shag’allashtirildi. Endi asfalt yotqizish choralari ko’rilyapti. Bu ishlarni boshida turgan yo’lchilarga, tuman hokimligiga ming rahmat. Baraka topishsin.
Har yili tumanda o’tkaziladigan obodonlashtirish, ko’kalamzorlashtirish tadbirlarida korxona jamoasi faol ishtirok etadi. Jumladan, bu yil ham erta bahorda 440- va 441-yo’l bo’limlari tasarrufidagi davlat ahamiyatiga ega umum foydalanuvidagi 4R-112 “Farg’ona xalqasi” avtomobil yo’lida joylashgan yer maydoniga 30 ming tup, “Oltiariq temir yo’l bekatiga borish” avtomobil yo’lidagi yer maydoniga 11 ming tupdan ortiq, “Xonobod-Solijonobod-Qiziltepa” avtomobil yo’lining 26-27 km.oralig’iga 67 ming tup, Oltiariq TYFUKsi avtomobil yo’llari hududuga 108 ming tupdan ortiq terak qalamchalari ekildi.
Korxonada kelgusida avtomobil yo’llari, ko’priklar hamda yo’l o’tkazgichlarini qurish va rekonstruktsiya qilish, shuningdek ob'ektlarni jihozlash hamda texnikalar xarid qilish uchun manzilli dastur ishlab chiqilgan. Shu tariqa tumanda yo’l-transport infratuzilmasi yanada rivojlantirilib, yangilanmoqda. Amalga oshirilayotgan mazkur ishlar albatta, aholi turmush darajasi va sifati yaxshilanishiga xizmat qilmoqda.
Zaylobiddin YIGITALIYEV,
jurnalist.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat