Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
QAPCHUG’AY BOG’LARI HOSILGA KIRDI
2022-07-05 08:51:41 216
Qapchug’ay qir-adirlarida yangi hayot nafasi ufurib turibdi. Har qadamda o’zgarish, yangiliklar quloch yoymoqda. Shu kunga qadar bu joylar hech narsa ekilmagan quruq yer edi.
Qishloq xo’jaligini rivojlantirish borasida olib borilayotgan amaliy islohotlar natijasida ming gektar yerda rizq-ro’z manbasi paydo bo’ldi. Yangi quduqlar va hovuzlar qazilib, qir-adirlarga obi-hayot kirib bordi. Yaxshi niyatda ekilgan ko’chatlar tup olib yaproq yozdi, sarxil sabzavot ekinlari hosilga kirdi. Bu aytishga oson. Ammo uning zamirida halol mehnat, izlanish, fidoyilik mujassam.
Bugunga qadar o’zlashtirilgan maydonlarning 560 gektarida tokzor barpo etilib, “husayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “kishmish” singari bozorgir uzum navlari parvarishlanyapti. 300 gektarlik intensiv bog’da olma, gilos, o’rik ko’chatlari baravj rivojlanmoqda.
Aksariyat uzum bog’lari qator oralarida bozor talabiga qarab tarvuz, oshqovoq, loviya, mochalka qovoq (lyuffa) va boshqa poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda. Quvonarlisi, poliz ekinlari hosilga kirdi. Qo’li, ko’ngli ochiq oltiariqliklar hosil cho’g’idan mamnun holda, o’tgan-ketganlarni tarvuz sayliga chorlamoqda.
Tumandagi ”Qo’rg’oncha” mahalla fuqarolar yig’inida yashayotgan Azizjon Ismoilov bir necha yil xorijda yollanma ishchi bo’lib ishladi. O’zga yurtda, yaqinlardan olisdan tayinli daromad topma olmadi. Shu sabab ortga qaytdi. Unga mehnat muhojiri sifatida 20 sotix tayyor uzumzor bog’ 25 million so’m imtiyozli kredit berildi.
– Bu juda katta imkoniyat, – deydi Azizjon uzumlar orasida pishib yetilgan tarvuzni qo’lga olib. – Yaqinlarimdan olisda, o’zga yurtlarda ish izlab, birimiz ikki bo’lmadi. Bu yerda oila a'zolarim ko’magida 600 tup sara uzum navlarini parvarishlayapman. Uch yilda hosilga kiradi. Shu bois, ekinlar oralig’iga 500 tupdan ortiq tarvuz, loviya ekdik. Tomchilatib sug’orish tizimidan foydalanganimiz o’z samarasini berdi. Birinchi hosil pishdi. Bir tup tarvuz o’rta hisobda 10 kilogrammdan hosil bergan taqdirda 5 tonna bo’ladi. 10 million so’mdan ortiq daromad olish imkoni bor. Poliz ekinlari o’rniga kechki pomidor, bodring ekishni ko’zlab turibman. Maqsad – har bir qarich yerdan unumli foydalanib, qo’shimcha daromad olish, oila farovonligini ta'minlash.
Azizjon uzum yetishtirishda yaxshi tajribaga to’plagan mirishkorlardan. Dala-dashtdagi bog’-rog’dagi yumushlardan ortinib, issiqxonada uzum yetishtiradi. Ayni kunda xonadon tomorqasidagi ertapishar uzumlar sotilmoqda. Mirishkorning ta'kidlashicha, kelgusi yilda bu amaliyot yangi bog’ xo’jaligida ham joriy etiladi.
Bog’lar kadastr hujjatlari asosida xususiy mulk tariqasida bog’bonlarga rasmiylashtirib berilyapti. Bu odamlarning mulkka, ertangi kunga bo’lgan ishonchini oshirmoqda.
– Har bir fuqaroga adirning relefiga ko’ra, 20-25 sotixdan yer ajratib berilmoqda, – deydi “Agrobank” ATB Farg’ona viloyat boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari Alisher Arintayev. – Kredit miqdori har bir lot uchun o’rtacha 25 mln. so’m bo’lib, 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan berilmoqda. Bugungi kunda 292 gektar yer maydonlari 1329 ta lotlarga ajratildi. Ushbu loyihalar uchun hozirga qadar 1133 nafar fuqaroga 31,7 mlrd. so’m kredit mablag’lari ajratildi.
Ko’hna Qapchug’ayning janubida yastanib yotgan qir-adirlarda boshlangan yaratuvchilik, bunyodkorlik ishlari avj pallaga kirgan. Basma-basiga mehnat qilayotgan yoshlar ko’nglida ko’tarinkilik, farovon kunga bo’lgan ishonch mustahkam.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook |
Telegram |
Telegram murojaat