Shrift o'lchami Rang Rasm

Ижтимоий тармоқлар

<< Dekabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
      1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
3031     

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 18 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

DIYDOR O’RNIDA, OLTIARIG’IM...

×

 2022-07-04 08:00:20    760

PDF yuklash
Chop etish


Salom, Oltiarig’im! barcha bayramlaring muborak bo’lsin. Obro’yingga obro’, jismingga jism qo’shilaversin. Mashhurlik bobida jahonaro e'zozga ega bo’lgan Oltiarig’im kamolingga, jamolingga ko’z tegmasin. Farzandlaring ham qayerda bo’lmasin, omon bo’lishsin.


Ha, pilla, g’alla mo’l bo’ldi, xirmonlar donga to’ldi. Paxtamiz ham kundan-kun bo’y cho’zmoqda. Xirmonlarga baraka bersin. Garchi, poytaxtdan haftada Oltiariqq, qishloqqa borishga harakatda bo’lsam-da, media orqali ancha bo’ldi, sirtdan bo’lsa-da, “ko’risholmadik”. Ana shu sog’inch, mehr-muhabbat bilan ko’rishgani chog’landim. Bu safar “Inson qadrini ulug’lash va faol mahalla yili” deya atalgan 2022 yil bahona ko’rishish nasib etib turibdi.

Nega inson qadri! Negaki, yuristligimga borib aytaman, Asosiy qonun – Konstitutsiyamizda belgilanganidek, “inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”. Hali tarix, hali kishilarimiz yaqin o’tmishdagi qatag’onlarni, “o’zbeklar ishi”ni, “paxta ishi”ni unutgani yo’q. Unutishga haqqimiz ham yo’q. U bizning o’tmishimiz, xotiramiz, ajdodlar xotirasi.

Inson qadri, ayniqsa, bu kunlardagi Konstitutsiyaviy islohotlar fonida yanada kun mavzusiga aylandi. Bu – bejiz emas.

Ha, mamlakatimizda shunday ruh hukmron bo’ldiki, “qalovini topsang, qor ham yonadi” deydirgan. Tovarlar, xizmatlar, sarmoyalarning erkin harakati bunga keng imkon berdi.

Aslida barcha sohalardagi tizimli islohotlarning “yo’l xaritasi”ga aylangan 2017 – 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi o’z so’zini aytdi.

“2022 – 2026 yillarga mo’ljallangan Yangi O’zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi” mamlakatimizda boshlangan keng ko’lamli islohotlarga yanada katta turtki berdi.

Ushbu ikki hujjat ham tom ma'noda xalqona bo’ldi. Oddiy xalqimiz va dunyo afgor ommasining e'tibori va e'tirofiga sazovor bo’ldi. Haqiqatan islohotlar faqat markazda, shaharlarda emas, balki olis-olislarda ham samara berayotgani ko’zni quvontiradi. Bu hol kishilarimizda, ayniqsa, yoshlarimizda ertangi kunga ishonchni yanada kuchaytirmoqda. Ayniqsa, bu masalalarga yoshlarning qiziqishi haddan ziyod ortiq, ularda o’ziga xos motivatsiya uyg’ondi. Joylarda Prezident va ijod maktablarining ochilishi va hozirning o’zida samara berayotgani – ertangi kunga ishonch, ertangi kunga o’ziga xos kafolatdir. Kuni-kecha “Yoshlar kuni”da davlatimiz rahbari qayd etganidek, “O’tgan o’quv yilida birgina Prezident maktablarini bitirgan 424 nafar o’g’il-qizlarning barchasi oliy ta'lim muassasalariga qabul qilindi. Ularning 102 nafari (24 foizi) xorijdagi yetakchi oliy ta'lim muassasalarida o’qiyotgani tahsinga sazovordir”.

Ta'lim ertangi kuni, porloq istiqbolini ko’zlagan barcha makon va zamonlarda butun jamiyat muammosi bo’lib kelgan. Bizga diplom egalari emas, ochiq ko’zli, kerak joyda o’zining “men”iga, kerak joyda “korporativ” fuqarolik pozitsiyasiga ega bo’lgan kadrlar kerak. Bu esa, o’qituvchi, pedagog kasbi egalarining jamiyatdagi ijtimoiy reytingiga uzviy bog’liq. Qayta-qayta bong uraveramiz: tokim, jamiyatda o’qituvchi shaxsi daxlsiz bo’lmas ekan, bunday holda, samarali natijani kutish mushkul. Ayni damda amaldagi Konstitutsiyaning 41-moddasiga kiritilishi ilgari surilayotgan yangi g’oya, yangi huquqiy qadriyat qo’llab-quvvatlanishidan shunday ijobiy natijani kutish mumkin.

Prezidentimiz dasturilamaliga aylanganidek, “odamlarimiz islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o’z hayotida his etishlari zarur”. Darhaqiqat, demokratiyaning oddiy talabi bo’lgan davlat qurilishi sohasida xalq o’zi ishtirok etmoqda. Xususan, Harakatlar strategiyasi, Taraqqiyot strategiyasi aynan xalq ishtirokining yaqqol samarasi bo’ldi. To’plangan tajriba mamlakatimiz Konstitutsiyasiga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish jarayonida ham davom etmoqda. Bu jarayon meningkonstitutsiyam.uz formati va doirasida davom etmoqda.

Kezi kelganda shuni ham aytish lozimki, o’qituvchilar maqomiga doir qonun loyihasining keng aholi muhokamasiga tashlangani kishini quvontiradi. Bugun zamonaviy, yangi davr talabidagi oliy ta'lim muassasalari (shu jumladan, xorijiy hamkorlar bilan) tashkil topmoqda. Sohada amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar fuqarolarimizda tanlov kengayishiga, bilim olishni real ehtiyojga aylantirishga, bitiruvchilarning professionalizmiga, pirovardida, ta'lim muassasalarining xalqaro elita reytinglarga kirib borishiga xizmat qiladi. O’ylaymizki, mazkur qonunning amalga kiritilishi Oltiariq zaminida yangidan-yangi nomlar tug’ilishiga olib keladi.

2018 yil Toshkentda bo’lib o’tgan “O’zbekiston Qur'on musobaqasi”ning finali yetti iqlimga yoyildi. Yangi nomlar kashf etildi. Imom al Buxoriy (Samarqand), Imom at Termiziy (Surxondaryo) ilmiy-tadqiqot markazlari ochildi. Hadis ilmi maktabi ish boshladi. Saudiyaga, umraga kvotaning olib tashlanishi yurtdoshlarimiz uchun o’ziga xos tortiq bo’ldi. “Oqqan daryo oqaveradi” deganlaridek, Matqosimqori buvodek, shayx Abdulaziz Mansurdek, Ubaydulla mahsum buvodek ulug’larning izdoshlari, shogirdlarining iqboli porloq. Men bilgan Oltiariq farzandlari Abo Bakr, Asadullolar Islom akademiyasida tahsil olishmoqda.

Oltiariq ziroati yo’lidagi asr loyihasi – qisqa fursatda qir-adirliklarda o’zlashtirilgan 1000 gektarlik “Yangi O’zbekiston uzumchilik bog’i”ning barpo qilinishi va davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyidagi Farg’ona viloyatiga tashrifi doirasida ushbu bog’ tokzorlarida bo’lib, oltiariqliklarning uzumchilikdagi katta hayotiy tajribasi alohida e'tirof etilgani ham ayni muddao bo’ldi. Hali G’ulomjon Xidirovdek, Qodirali Bahromovdek, Qumboy Oxunchayevdek, Tojali ota, To’xtasin Farmonovdek, Lola Murotovadek usta dehqonlar yaratgan maktablar o’z so’zini aytishiga iymonimiz komil.

Oltiariq ilm-fani haqida... Hazrati Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek, “ilm Chin-Mochin (Xitoy)da bo’lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir”. Shu ma'noda davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning tashabbusi bilan burnog’i yillardan birida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma'rifat va diniy bag’rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi juda katta voqelikdir. Bu ayni paytda barchamiz, xususan, Oltiarig’imiz uchun ham juda katta mas'uliyat yuklaydi. Tadbirkorlik, ziroat – tomorqachilik, dehqonchilik, olamgirlikdan ortib – ilm-fan bilan shug’ullanish ham oltiariqlikning qonida bor. Eskiarablik ustoz E.Qulmatov tomonidan ishlangan “Oltiariq olimlari” nashri yana qayta chop etiladi, deb umid qilamiz. Zero, o’tgan yillar mobaynida yangi nomlar paydo bo’ldi. Yosh olimlarimizni yanada qo’llab-quvvatlash, homiylik yo’nalishlarini ularga ham qaratish ertangi kunimiz uchun zaxira ekani, innovatsiya ekani ma'lum. Axir, shifokorning, muhandisning, yuristning, jurnalistning, farzandlaringga ta'lim-tarbiya berguvchi ustoz-muallimlar – tilchilar, matematiklar, fiziklar, kimyogarlarni, ITniklarni o’zingdan chiqqaniga ne yetsin!

2 nafar akademik, 11 nafar fan doktori, professorlar, 100 dan ortiq fan nomzodlari – bular Oltiariqning farzandlari, aytish mumkinki, oltin fondidir.

Bir tumandan “O’zbekiston xalq shoiri” unvoni sohiblari 3 nafarni tashkil etishida ham Oltiariq raqobatdan xoli bo’lsa kerak (Erkin Vohidov, Anvar Obidjon, Enaxon Siddiqova).

Bormikin shunday tuman: 3 nafar “O’zbekiston Qahramoni” sohiblari: Yursunali Jo’rayev, Erkin Vohidov, Lola Murotova.

Hofizlari haqida... Ham xalq hofizi (Qobiljon Yusupov), ham xalq artisti (Ma'murjon To’xtasinov), xizmat ko’rsatgan artist (Qilichbek Tojiyev, Oxunjon Madaliyev), xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (Solijon Mamatov), “Nihol” mukofoti sovrindori (Sevinch Mo’minova)ga ega tuman mamlakatda Oltiariq bo’lsa kerak.

Mamlakatimizda 207 ta tuman borligini hisobga olsak, ushbu raqamlarning mohiyatini tushunish uchun ortiqcha bilim kerak emasdek tuyuldi.  

Hatto ma'joziy ma'noda oltiariqlikni oyga olib chiqqan ham oltiariqlik Abdulla Akbarov bo’ldi!

Toshkentda Yangi hayot tumanidagi faollar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvda, kechagi “Yoshlar kuni”da bo’lib o’tgan yoshlar bilan uchrashuvda, qo’ying-ki, hududlarga tashriflar davomida Prezidentimiz tomonidan Oltiariqning salohiyati, drayver sohalari tilga olinadi. Mamlakatimizda 207 ta tuman bor...

Xullasi, “Obod qishloq” dasturi doirasida Oltiariqni oltita ariqqa bo’lgan Qapchug’aydan – Tinchlikkacha, Fayzioboddan – Katputgacha amalga oshirilayotgan o’zgarishlar, tabiiyki, kishilarimizda ertangi kunga ishonchni orttirmoqda.

Qayerda bo’lmaylik, kim bo’lmaylik, Oltiarig’imiz bilan, oltiariqliklarimiz bilan faxrlanamaniz, g’ururlanamiz!

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta'kidlanganidek, “buyuk Imom Buxoriy hazratlarining “Al-Jomi' as-Sahih” asari “Barcha ezgu amallar niyatga bog’liq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi” degan hadis bilan boshlanishida albatta juda chuqur ma'no bor... Niyati ulug’ xalqning – ishi ham ulug’, hayoti yorug’ va kelajagi farovon bo’ladi... Barchamizga ayonki, islohot – bu yangilanish, o’zgarish degani. Islohotlar ijobiy natija berishi uchun, avvalo rahbarlarimiz va odamlarimiz o’zgarishi kerak. Inson o’zgarsa, jamiyat o’zgaradi. Bu maqsadga erishish uchun birinchi navbatda, barcha darajadagi rahbarlar va xalq deputatlari, barcha yetakchilar o’z faoliyatini tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik asosida tashkil etishlarini bugun hayotning o’zi talab etmoqda”.

Har safar aytaman, erinmayman: shu Vatanda yashash, shu yurtda ishlash, uning bir bo’lagi bo’lish, uning obro’yiga obro’ qo’shish bu – faxr-iftixor, bu – mas'uliyat, bu – shukrdandir.

Oltiarig’im! Yangi O’zbekistonda shashting bundan-da baland bo’lg’usidir! Noming bundan-da ulug’ bo’lg’uvsidir! Boshlangan amaliy ishlar, bunyodkorlik xayrli bo’lsin, maqsadli bo’lsin, manfaatli bo’lsin. Yangilikka  va yaxshilikka intilib yashashning umri boqiy bo’lsin.

Yurist farzanding Mirodil BARATOV,

yuridik fanlar doktori, professor.


Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating
Facebook | Telegram | Telegram murojaat