Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
PSIXOTROP MODDALI DORI VOSITALARI ALOHIDA YONDASHUVNI TALAB ETADI
2024-05-02 09:30:29 743
Mamlakatimizga dori-darmon vositalarining olib kirilishida tarkibida psixotrop moddalar bo’lgan dori vositalariga alohida yondashish talab etiladi. Chunki jismoniy shaxslar olib kirayotgan preparatlar tarkibida kam miqdorda bo’lsa-da, giyohvand yoki psixotrop moddalar mavjud bo’lsa va bu haqda bojxona bayonnomasida ko’rsatilmasa, bu ma'muriy va xatto jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishi mumkin.
O’zbekiston Respublikasida giyohvandlik va psixotrop moddalar hamda prekursorlarning muomalada bo’lishiga oid ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish hamda davlat xavfsizligini ta'minlash maqsadida 2015 yil 12 noyabrda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining «Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni O’zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, undan olib chiqish va tranzit tarzida o’tkazish tartibini, shuningdek, ularning muomalada bo’lishi yuzasidan nazoratni takomillashtirish to’g’risida»gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan bojxona chegarasidan olib o’tilishi, muomalaga kiritilishi taqiqlangan va cheklangan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar ro’yxatlari tasdiqlangan.
O’zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar, prekursorlarning muomalada bo’lishi bilan bog’liq faoliyat yuridik shaxslar tomonidan Vazirlar Maxkamasi belgilagan tartibda beriladigan litsenziya asosida amalga oshiriladi. Respublikamizda muomalada bo’lishi cheklangan mazkur moddalar ro’yxatiga kiritilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning muomalada bo’lishiga faqat shifokor ko’rsatmasi bo’yicha tibbiy maqsadlarda ruxsat etiladi.
Afsuski, mazkur talablarga rioya qilmasdan turib, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bo’lgan dori vositalarini respublikamiz hududiga olib kirishga urinishlar ko’zga tashlanmoqda. Respublikamiz bojxonachilari tomonidan mazkur urinishlarning oldi olinmoqda.
Bugungi kunda xalkaro terrorizm, din niqobi ostidagi ekstremistik, fundamentalistik, separatistik xurujlar, narkotik moddalar bilan savdo qilish, odam savdosi kabi transmilliy jinoyatlar inson kelajagiga xavf solib kelmoqda. Eng achinarlisi, giyohvandlik, psixotrop moddalar va prekursorlar og’ir jinoyatlarning sodir etilishiga, oilalar va millat genofondining buzilishiga sabab bo’lmoqda. Jinoyat sodir etayotganlarning aksariyat qismini 30 yoshgacha bo’lganlar tashkil etmoqda. Respublikamizda bunday ko’ngilsiz holatlarning oldini olish, sog’lom avlodni tarbiyalash borasida aniq chora-tadbirlar asosida ishlar tashkil etilmoqda. Xususan, BMT tomonidan ham giyohvandlikka qarshi kurashishni kuchaytirish maqsadida «Narkotik moddalar to’g’risida»gi, «Psixotrop moddalar» hamda «Giyohvandlik vositalari hamda psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash to’g’risida»gi konventsiyalari qabul qilingan.
O’zbekiston Respublikasi bojxona organlari tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatlar mavjudligini va ularda ko’rsatilgan ma'lumotlarning jismoniy shaxsdagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning nomlariga va soniga muvofiqligini belgilangan tartibda nazorat qiladilar.
Jismoniy shaxslar tomonidan tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatda va bojxona organiga bildirilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar nomlari va sonidan ortiq bo’lgan takdirda ortiqchasi olib qo’yiladi va belgilangan tartibda yo’q qilinadi.
Shunday ekan, shifokorning tegishli ko’rsatmasisiz, shunchaki tanish-bilishlarning tavsiyalariga asoslanib, psixotrop dori vositalarini respublikamiz hududiga olib kirishga urinish orqali nafaqat sog’ligingizni xavfga qo’yasiz, balki qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka ham tortilishingiz mumkinligini aslo unutmang!
Bir so’z bilan aytganda, psixotrop moddalar va prekursorlar inson salomatligiga jiddiy xavf-xatar tug’diradi. Shunday ekan, sog’lom turmush tarzini tanlaylik. Millat genofondining buzilishiga, turli jinoyatlarning yuzaga kelishiga qarshi birgalikda kurashaylik!