Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
OMMAVIY MADANIYAT
2024-01-23 14:50:43 905
Har bir xalqning uzoq o’tmishga ega urf-odati, an'analari, milliy va diniy qadriyatlari, boy ma'naviyati va betakror madaniyati bor. Xalqlar shu bilan bir-biridan farq qiladi. Bular millatni millat, xalqni xalq qiladigan asosiy omillardir.
Ammo XXI asrga kelib “ommaviy madaniyat” nomi ostida insonlarni tubanlikka yetaklovchi, xalqlarni ma'naviyatidan judo qiluvchi bir illat paydo bo’ldi. U axloqiy buzuqlik va zo’ravonlik, individualizm, egotsentrizm g’oyalarini tarqatish, kerak bo’lsa, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha ming yillik an'ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma'naviy negizlariga bepisandlik qilish, ularni qo’porishga qaratilgan xatarli tahdidlardan iboratdir.
Muhtaram Birinchi Prezidentimiz “Yuksak ma'naviyat – yengilmas kuch” kitobida bu haqda shunday deganlar: “Xozirgi vaqtda axloqsizlikni madaniyat deb bilish va aksincha, asl ma'naviy qadriyatlarni mensimasdan, eskilik sarqiti deb qarash bilan bog’lik holatlar bugungi taraqqiyotga, inson hayoti, oila muqaddasligi va yoshlar tarbiyasiga katta xavf solmoqda va ko’pchilik butun jahonda bamisoli balo-qazodek tarqalib borayotgan bunday xurujlarga qarshi kurashish naqadar muhim ekanini anglab olmoqda. Bu haqda fikr yuritganda, bizning ulug’ ajdodlarimiz o’z davrida komil inson haqida butun bir axloqiy mezonlar majmuini, zamonaviy tilda aytganda, sharqona axloq kodeksini ishlab chiqqanliklarini eslash o’rinli. Ota-bobolarimiz ongu taffakkurida asrlar, ming yillar davomida shakllanib, sayqal topgan or-nomus, uyat va andisha, sharmu hayo, ibo va iffat kabi yuksak axloqiy tuyg’u va tushunchalar bu kodeksning asosiy ma'no-mazmunini tashkil etadi.”
“Ommaviy madaniyat” degan bu yengil-elpi hayot va tizginsiz nafs iskanjasi, axloqsizlikni namoyish etuvchi filmlar, musiqa va kliplar, internet orqali tarqalayotgan turli shov-shuvli ma'lumotlar xalqlarning osuda hayot tarziga salbiy ta'sir ko’rsatib, jamiyatda beqaror holatlarni keltirib chiqarayotgani sir emas.
Internet tarmoqlari, chet el teleradiokanallari orqali borgan sari keng targ’ib etilayotgan umuminsoniy qadriyatlarga zid illatlar va axloq me'yorlariga butunlay qarshi bo’lgan film, klip va fotosuratlar yoshlarimiz ongiga salbiy ta'sir ko’rsatib, ulardagi insoniy fazilatlarning yemirilishiga olib kelmoqda.
Yurtimizga “ommaviy madaniyat” internet tarmog’i orqali ham kirib kelmoqda. Bu xol odob-axloq, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat pasayishi kabi ko’plab noxushliklarni keltirib chiqaryapti. Yoshlarning milliy va diniy qadriyatlarimizga, urf-odat va an'analarimizga zid keluvchi kiyimlar kiyishi, tanalariga turli xil rasmlar chizdirishi, quloq va burunlarini teshib “zirak” taqib olishlari, qiz bolalarning o’g’il bolalarga o’xshab kiyinishi kabi “moda” unsurlari aynan internet, televideniya, musikiy klip va horij kinofilmlari orqali yoyilayotgani ayni haqiqatdir.
Bunday g’oyaviy tuzoqlar go’yo madaniyatga uxshashi va yoshlar orasida juda tez va keng tarqalishi g’oyatda xatarlidir. Insoniy axloqka teskari bo’lgan bunday “olomoncha madaniyat” juda ko’p yoshlar ongiga chang solib, ma'naviyat kushandasiga aylanmoqda. Achinarlisi, mazkur “madaniyat” ta'siriga berilib qolganini yoki uning qurboniga aylanayotganini ko’pincha yoshlar o’zlari sezmaydilar.
Global axborot tizimidagi xabarlarni yaxshilab tekshirib ko’rmasdan, internetdan foydalanish qoidalariga amal qilmasdan qabul qilish oqibatida yoshlarning ongi zaharlanmoqda. Masalan, biror kerakli ma'lumotni olish maqsadida saytga kirgan yoshlarning “falon qo’shiqchi falon narsa kuyladi, falon mamlakatda falon kino suratga olindi” kabi shov-shuvli e'lonlarga ko’zi tushadi va beixtiyor uni ochadi. U yerda esa yana bir sayt ochiladi, unda esa aldamchi xabarlarning davomini o’kiydi. Shu tariqa g’o’r yoshlar qora niyatli shaxslarning tuzog’iga ilinadi.
Shu bois ota-onalar, pedagoglar bugun yoshlar tarbiyasida har qachongidan ogoh va xushyor bo’lishi zarur. Ozgina beparvolik va loqaydlik katta xatolarga, xatto fojialarga sababchi bo’lishi mumkin.