Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
INSON HUQUQ VA ERKINLIKLARINI TA'MINLASH – DAVLATNING OLIY MAQSADIDIR.
2023-09-25 19:27:09 585
Ma'lumki, so’nggi yillarda jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida tub o’zgarishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda mustahkam manzilli ijtimoiy himoya tizimi yaratildi.
Iqtisodiyot erkinlashib, xususiy mulk egalari ko’payib boryapti, madaniy hayotimizda, sport sohasida yoshlarimizning yutuqlari kundan-kunga oshib boryapti.
Aytish joizki, sud-huquq sohasida ham demokratik o’zgarishlar qilinyapti. Xalqimizni qarashlari o’zgarib, huquqiy ongi oshib boryapti, davlat organlari ustidan ta'sirchan jamoatchilik nazorati olib borilyapti.
O’zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida o’z aksini topgan xalqparvar davlatni barpo etish yo’lidagi muhim vazifalarni amalga oshirish uchun, avvalambor yangi konstitutsiyaviy makon kerakligini bois, joriy
2023 yilning 30 aprel kuni o’tkazilgan O’zbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berish orqali O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Konstitutsiyada ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o’zgartirildi, ya'ni bunda eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo’yish maqsadi ko’zlangan.
Bosh Qomusimizning 54-moddasida “Inson huquq va erkinliklarini ta'minlash – davlatning oliy maqsadidir” degan norma belgilanib, ushbu maqsadga erishish uchun insonning sha'ni va qadr-qimmati daxlsizligi, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo’llaniladigan huquqiy ta'sir choralari mutanosiblik printsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo’lishi kerakligi alohida ko’rsatib o’tildi.
Boshqacha aytganda, endi agar davlat biron bir harakat uchun jarima, yoki boshqa huquqiy ta'sir chorasini belgilamoqchi bo’lsa, mazkur printsipga amal qiladi, ya'ni arzimagan, kam ahamiyatli qoidabuzarlik uchun uning jamiyat uchun xavflilik darajasiga mutanosib bo’lmagan og’ir jazo chorasini belgilay olmaydi. Aytish joizki, ushbu qoida asosida amaldagi huquqiy ta'sir choralari ham qayta ko’rib chiqiladi.
Insonning davlat organlari bilan o’zaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi belgilandi.
Yana bir holat: Konstitutsiyamizda “shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo’lmasligi” belgilandi. Bosh Qomusimizga kiritilayotgan ushbu qoida zahmatkash xalqimizning ko’p yillar davomida boshiga tushgan tashvish, ya'ni zarracha aybi yo’q shaxsga nisbatan aybdor sifatida qarash kabi sobiq tuzumdan qolgan sarqitlardan xoli etishga qaratildi.
Aybsizlik prezumptsiyasi yanada kuchaytirilib, Konstitutsiyamizning amaldagi 26-moddasida shaxsning ishi sudda ko’rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi belgilangan bo’lsa, endilikda sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblanishi mustahkamlandi.
Konstitutsiyaning 30-moddasiga binoan hech kim rasmiy e'lon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas.
Hech kim ayni bir jinoyat uchun takroran hukm qilinishi mumkin emas.
Bunday normaning kiritilishi davlat va jamiyatda Konstitutsiya va uning asosida qabul qilingan, belgilangan tartibda amalga kiritilgan qonun va qonunosti hujjatlarining respublikaning barcha hududida so’zsiz amal qilishiga, rasmiy e'lon qilinmagan qonunlar bo’yicha ish yuritilmasligiga asos bo’ladi.
Ya'ni, sodda qilib aytganda, endilikda shaxsni hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi qat'iy belgilangan va amalda mavjud qonunchilik asosida bunga vakolatli bo’lgan sud organlari tomonidan hal etiladi.
Konstitutsiyaning 31-moddasiga ko’ra, har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo’lish, o’z sha'ni va
qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega.
Har kim yozishmalari, telefon orqali so’zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo’l qo’yiladi.
Har kim o’z shaxsiga doir ma'lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto’g’ri ma'lumotlarning tuzatilishini, o’zi to’g’risida qonunga xilof yo’l bilan to’plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo’lmay qolgan ma'lumotlarning yo’q qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega.
Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo’yishni va ko’zdan kechirishni o’tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo’l qo’yiladi. Uy-joyda tintuv o’tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo’l qo’yiladi.
Yuqoridagi Konstitutsion kafolatlar mamlakatda shaxsning sha'ni va qadr-qimmatining baland bo’lishi, muhimi, bu huquq va erkinliklarning davlat tomonidan himoya qilinishini ta'minlashi aniq, bunga shubha bo’lmasligi lozim.
Endilikda har bir shaxs jamiyatdagi mavqei va o’rnidan qat'iy nazar, o’z hayotini Konstitutsiya asosida tartibga solsa, huquqiy bilimlarini doimiy ravishda yuksaltirib borsa, bu harakati bilan nafaqat o’zining, balki butun bir jamiyatning olg’a borishiga, demokratik, huquqiy va dunyoviy davlat barpo etishga katta hissa qo’shgan bo’ladi.
Zero, jamiyatdagi barqarorlik undagi har bir shaxsning xatti-harakatiga bevosita bog’liq bo’lib, buni barchamiz birdek his etishimiz lozim.
Birdamlik va yagona maqsad sari intilish oliy maqsadimiz, kundalik shiorimiz bo’lmog’i lozim.
Albatta, bu sa'yi-harakatlarimiz Konstitutsiyaga rioya etgan holda amalga oshirilish kerak.
Nodirjon Sulaymonov
Farg’ona viloyat sudi fuqarolik ishlari bo’yicha sudlov hay'ati sudyasi.