Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
GIYOHVANDLIK MILLAT KUSHANDASI
2023-09-22 15:14:46 382
“Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday xamr haromdir”
Hadisdan.
O’tgan asrdan bizga «meros» bo’lib qolgan transmilliy jinoyatchilikning uchta eng xavfli turi insoniyat kelajagiga xavf solib kelmoqda. Xususan xalqaro terrorizm, din niqobi ostidagi ekstremistik, fundamentalistik va separatistik xurujlar, narkotik moddalar bilan savdo qilish (narkobiznes), odam savdosi hisoblanadi. Hozirgi kunda er yuzidagi narkobiznesda aylanayotgan pul mablag’i dunyo aholisining oziq-ovqat, kiyim-kechak, turar-joy, ta'lim tizimi va tibbiy xizmatga sarflanayotgan xarajatlaridan ancha ko’pligi bilan farqlanishi hech kimga sir emas.
Eng achinarlisi, giyoxvandlik og’ir jinoyatlarning sodir etilishiga, oilalar va millat genofondining buzilishiga sabbab bo’lmoqda. Shu boisdan, giyohvandlikka qarshi qurashni kuchaytirish maqsadida BMT tomonidan «Narkotik moddalar to’g’risida»gi, «Psixotrop moddalar» hamda «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi qurash tug’risida»gi konventsiyalar qabul qilinib, 1987 yil 7 dekabrdagi 47/112-sonli rezolyutsiyasiga ko’ra «26 iyun – Xalqaro narkotik moddalarini suiste'mol qilish va ularning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash kuni» deb e'lon qilingan.
Dunyo bozorida tarqaladigan qora dorining asosiy qismi Afg’onistonda yetishtirilib, uni noqonuniy yo’l bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari orqali G’arbga yetkazishga bo’lgan urinish yildan-yilga kuchayib bormoqda.
O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining XIX bobida Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar va ular uchun javobgarlik belgilangan.
Xususan, mazkur Kodeksning 270-moddada taqiqlangan ekinlarni ya'ni ko’knor yoki moyli ko’knor, kannabis o’simligi yoxud tarkibida giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bo’lgan ekinlarni qonunga xilof ravishda ekish yoki yetishtirish uchun javobgarlik belgilangan. Amaliyotdan kelib chiqadigan bo’lsak mazkur modda bilan asosan yashirin tarzda uy sharoitida giyohvandlik moddalarini ekib, yetishtirgan shaxslar javobgarlikka tortiladi.
Mutaxassislarning tahliliga ko’ra, giyohvandlik yuqori asab tizimini qo’zg’atib, ishdan chiqargach, insonning ruhiy va jismoniy salomatligiga putur yetkazadi. Shuningdek, organizmdagi moddalar almashinuvi jarayoni buziladi va oxir-oqibat butun vujud zaharlanadi. Bora-bora inson organizmi bunday moddalarni iste'mol qilmasa, qisman yoki butunlay ishdan chiqadi. Bu masalaga ayniqsa, so’nggi paytlarda OAV orqali juda ko’p marta to’xtalinib, ogoh bo’lish haqida bong urilmoqda.
Bugungi kunda giyohvandlik – XXI asrning global muammolaridan biriga aylanib ulgurdi. O’rta asrlarda insoniyat hayotiga jiddiy xavf solgan vabo va o’lat kabi ofatlar bugungi tsivilizatsiya zamoniga kelib o’z o’rnini giyohvandlik illatiga bo’shatib berdi, desak aslo mubolag’a bo’lmaydi. Sog’lom turmush tarzini olib borayotgan kishi bilib-bilmay bu ko’chaga kirib qolsa, o’zining tinch, farovon va baxtli hayotini qora zulmatga aylantirishi ayni haqiqat. Giyohvand kishi nafaqat o’ziga, balki yaqinlariga ham to’xtovsiz azob beradi. Undan tug’ilajak farzandlar esa ota-onasining xatosi oqibatida bir umrga majruhlik qismatiga mubtalo bo’ladilar.
Ba'zan giyohvandlik qurboniga aylanib qolgan insonlarning qismatini ko’rib, ularga nisbatan nafrat, qahr va rahm tuyg’ularining uyg’onishi tabiiy. Ularning quriyotgan daraxt misol umri evaziga ayrim qora niyatli yovuz kimsalarning hamyoni qappaymoqda. Odam qiyofasidagi bunday maxluqlarning qora og’uni voyaga yetmagan yoshlar orasida tarqatib, uni iste'mol qilishga targ’ib qilayotganiga jim qarab turib bo’lmaydi, albatta.
Voyaga yetayotgan farzandlarimiz o’tmishi qadim, tuprog’i oltin, osmoni musaffo O’zbekistonning kelajak vorislaridir. Ularni mana shunday sog’lom muhitda, ezgu tushunchalarni yuraklariga joylab voyaga yetkazaylikki, hech qanaqa tashqi salbiy xurujlar va qora illatlar o’pqoni ularni o’ziga jalb qila olmasin.
Oltiariq tumani adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatish markazi
bosh yuriskonsulti A.Shokirov