Shrift o'lchami Rang Rasm

Ижтимоий тармоқлар

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 21 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTININGQARORI

×

 2023-07-04 18:14:46    249

PDF yuklash
Chop etish



RAQAMLI XIZMATLAR QAMROVI VA SIFATINI OSHIRISH HAMDA SOHA, TARMOQ VA HUDUDLARNI RAQAMLI TRANSFORMATSIYA QILISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA


Aholi va tadbirkorlik subyektlariga raqamli xizmatlardan foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, byurokratik tartibotlarni qisqartirish, shuningdek, davlat boshqaruvi, iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini hamda hududlarni raqamli transformatsiya qilish maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023-2024-yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihalar, shu jumladan:

davlat boshqaruvini raqamlashtirish bo‘yicha 112 ta ustuvor loyihalar ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirish bo‘yicha 51 ta ustuvor loyihalar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq;

hududlarni raqamli transformatsiya qilish bo‘yicha 137 ta ustuvor loyihalar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

b) 2023-yil yakuniga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish doirasida portalda birinchi navbatda joriy etiladigan 95 ta xizmat va servislar ro‘yxati hamda reja-jadvali 4-4a-ilovalarga muvofiq;

v) ijtimoiy-iqtisodiy sohaning ayrim tarmoqlarida billing tizimlarini joriy etish yuzasidan amaliy chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;

g) “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida raqamli shaklda taqdim etilishi orqali 2023-yil 1-dekabrdan boshlab aholi va tadbirkorlik subyektlaridan talab qilish bekor qilinadigan 47 turdagi ma’lumotlar ro‘yxati 6-ilovaga muvofiq;

d) aholi va tadbirkorlik subyektlariga xizmatlardan foydalanish holati bo‘yicha yuboriladigan eslatma va xabarnomalar ro‘yxati 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh.X. Shermatov) soha va tarmoqlarni, shu jumladan birinchi navbatda 2023-2024-yillarda sog‘liqni saqlash va suv xo‘jaligi sohasidagi raqamlashtirish loyihalarini muvofiqlashtirib borish va jadallashtirish uchun mas’ul hisoblanadi.

Bunda, raqamlashtirish loyihalarini samarali amalga oshirish hamda mas’ul vazirliklar bilan hamkorlikda ishlash va ularga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatish uchun “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan “loyiha ofislari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

3. Belgilansinki, 2023-yil 1-iyundan boshlab respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi kredit va beg‘araz ko‘mak mablag‘lari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning raqamli komponentlarga yo‘naltiriladigan qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan majburiy tarzda kelishiladi.

4. “Raqamli hudud” dasturi doirasida:

a) “Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasi 2023-yil 1-sentabrga qadar Angren, Ohangaron, Yangiyo‘l, Chirchiq va Nurafshon shaharlarida, 2023-yil yakuniga qadar esa Jizzax va Urganch shaharlarida ishga tushiriladi.

Bunda, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda “Xalq nazorati” portaliga aholi tomonidan kelib tushgan ariza va shikoyatlarni tahlil qilgan holda, ularning vujudga kelish sabablarini kelgusida bartaraf etish maqsadida inobatga olish majburiy hisoblanadi;

b) “Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasiga 8-ilovadagi ro‘yxatga muvofiq vazirlik va idoralarning 70 ta ma’lumotlari integratsiya qilinadi;

v) hududlarni raqamlashtirish bo‘yicha:

loyihalar amalga oshirilishi uchun — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, shu jumladan mazkur bandda nazarda tutilgan loyihalar joriy yilda ishga tushirilishi uchun Toshkent viloyati (Z. Mirzayev), Jizzax viloyati (E. Soliyev) va Xorazm viloyati (J. Raximov) hokimligi;

loyihalarni joriy etish hamda ularni texnik qo‘llab-quvvatlash uchun — “Raqamli rivojlanish departamenti” mas’uliyati cheklangan jamiyati (keyingi o‘rinlarda — Raqamli departament);

loyihalar amalga oshirilishi bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish uchun — Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) mas’ul va javobgar hisoblanadi;

g) hududlarni raqamlashtirish bo‘yicha loyihalarni joriy etish hamda ularni texnik qo‘llab-quvvatlash uchun Raqamli departament huzurida loyiha ofislari tashkil etiladi.

5. Belgilab qo‘yilsinki, Raqamli departamentga:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-357-son qarorining 18-bandi uchinchi xatboshisi talablari tatbiq etiladi;

mazkur qarorning 4-bandida nazarda tutilgan platforma va axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish huquqi beriladi.

6. Belgilansinki, elektron tijorat sohasini rivojlantirish orqali savdo aylanmasi hajmini 2023-yilda 500 million AQSh dollariga yetkazish, shuningdek, iqtisodiyotda xufiyona aylanmani qisqartirish maqsadida 2023-yil 1-oktabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

7. Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (keyingi o‘rinlarda — IT-park) rezidentlari tomonidan amalga oshirilishiga ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga quyidagi qo‘shimcha yo‘nalishlar kiritilsin:

dasturiy ta’minotdan foydalangan holda multimedia, dizayn va multiplikatsiya mahsulotlarini ishlab chiqish va xizmat ko‘rsatish;

IT-park va uning filiallari hududida joylashgan va yuridik manzilda ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotlar tomonidan axborot texnologiyalari sohasidagi loyihalarni venchur moliyalashtirish hamda akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish.

8. Belgilansinki, IT-park direksiyasi hamda ustav fondida 50 foiz va undan ortiq miqdorda davlat ulushiga ega yuridik shaxslar tomonidan IT-park hududida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlarini raqamli texnologiyalar sohasida ilg‘or startap loyihalariga ega IT-park rezidentlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ijaraga berishga ruxsat etiladi.

Bunda, ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar mazkur ko‘chmas mulk obyektlarini balansda saqlovchilar ixtiyorida qoldiriladi.

9. Raqamli texnologiyalar sohasida yuqori malakali mutaxassis va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida:

a) “Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy nufuzli ta’lim platformalarida IT-yo‘nalishdagi onlayn o‘quv kurslarda tahsil olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bunda:

kurslarni muvaffaqiyatli tamomlagan 15 ming nafar yoshlar saralanib, ularda xalqaro miqyosda faoliyat yuritish ko‘nikmalari shakllantiriladi;

xorijiy nufuzli ta’lim platformalarida muvaffaqiyatli o‘qishni yakunlagan va tegishli sertifikatga ega yoshlarga kompyuter xaridi uchun iste’mol kreditlari ajratish amaliyoti davom ettiriladi;

2023-yil 1-avgustdan boshlab yoshlarga kompyuter xaridlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan mikroqarz shaklida hamda “Yoshlar daftari” va Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamg‘armalari hisobidan beriladigan subsidiya mablag‘larini ijtimoiy kontrakt asosida yoshlar xohishiga ko‘ra alohida ochilgan bank kartasiga (naqdlashtirish imkoniyatisiz) o‘tkazishga ruxsat beriladi;

b) 2023-yil 1-oktabrdan boshlab B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega bo‘lgan fuqarolar tomonidan tizim boshqaruvi, ma’lumotlar bazasi va “bulutli” platformani boshqarish, axborot xavfsizligini ta’minlash va boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi;

v) bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi IT-park rezidenti bo‘lgan kompaniyalarga ishga joylashgan nodavlat o‘quv markazlariga har bir bitiruvchi uchun Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi;

g) 2024-yil 1-apreldan boshlab maxsus axborot platformasi orqali davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari va xodimlari raqamlashtirish sohasidagi qoidalar va qonunchilik talablari bo‘yicha “hayot davomida ta’lim olish” tamoyili asosida o‘qitiladi.

10. Belgilansinki, aholini sifatli raqamli infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida barcha aholi yashash maskanlari 2024-yil yakuniga qadar keng polosali mobil aloqa va keng polosali ma’lumotlar uzatish tarmoqlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

11. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasi 2023-yil 1-oktabrdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan joriy etilgan raqamli texnologiyalar bo‘yicha loyihalar samaradorligi, ko‘rsatiladigan raqamli xizmat va servislar texnik faoliyatining sifati hamda barqarorligi ustidan raqamli nazoratni o‘rnatsin.

Raqamli nazorat doirasida davlat organlari va tashkilotlarida raqamli texnologiyalar sohasidagi loyihalarning maqsadliligi, joriy etish darajasi, foydalanish holati, raqamli xizmatlar va servislar ishidagi uzilish, to‘xtalish va texnik-avariyalar, aloqa markazlari (ishonch telefonlari, Call-markazlar, dispetcherlik aloqa) xizmatlarining bog‘lanish va samarali texnik faoliyat ko‘rsatish kabi sifat ko‘rsatkichlari baholanadi.

12. Belgilansinki, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga aloqa, axborotlashtirish va raqamli iqtisodiyot sohasidagi qonunchilik talablari buzilishlarini bartaraf etish yuzasidan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi.

13. Raqamli texnologiyalar vazirligi uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 24-may,

PQ-162-son