Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
JAMIYATDA QONUN USTUVORLIGINI TA'MINLASH - DEMOKRATIK XUQUQIY DAVLAT QURISHNING GAROVIDIR
2023-06-15 15:21:47 195
Qonun ustivorligi va inson manfaatlarini ta'minlash - yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi.
Sh.M.Mirziyoyev.
Qonun ustuvorligi xalq hokimiyati va inson huquqlari tushunchalari bilan bevosita bog’liq printsipdir. Chunki xalq hokimiyati deganda fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonida bevosita yoki bilvosita ishtirok etish huquqi tushuniladi. Shu ma'noda xalq irodasining ifodasi bo’lgan, fuqarolarning parlamentga saylab qo’ygan vakillari orqali yoki o’zlari tomonidan bevosita referendum orqali qabul qilingan qonunlar xalq hokimiyatchiligining natijasi, majoziy qilib aytganda, mevasi hisoblanadi. Inson huquq va erkinliklari qonunlar vositasida hayotga joriy etiladi, aslida qonunlarning pirovard maqsadi ham inson, uning huquq va erkinliklarini himoya qilishdan iboratdir.
Xalqaro hujjatlarda qonun ustuvorligining asosiy elementlari sifatida qonun ijodkorligini shaffof, hisobdorlik va demokratik jarayonni qamrab olgan qonuniylikka asoslanishi, huquqiy aniqliq, o’zboshimchalikning taqiqlanganligi, mustaqil va xolis odil sudlovning ochiqligi, shuningdek, ma'muriy hujjatlar ustidan sud nazoratining o’rnatilganligi, inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik hamda qonun oldida tenglik hisoblanadi.
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta'minlashning zarur normativ-huquqiy va tashkiliy institutsional asoslari shakllantirilgan.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining III bobi «Konstitutsiya va qonunning ustunligi» deb nomlanib, mazkur bob Konstitutsiyamizning Asosiy printsiplar bo’limida joylashgan. Nazariyadan ma'lumki, printsip deganda rahbariy qoidalar nazarda tutiladi. Agar Konstitutsiyaning boshqa bo’limlari o’rtasida qandaydir tushunmovchilik kelib chiqadigan bo’lsa, masala nazariyaga ko’ra asosiy printsiplarga tayanilib hal qilinishi kerak. Shu ma'noda qonun ustuvorligining Asosiy printsiplar bo’limida joylashtirilganligi mamlakatimizda mazkur printsipga alohida ahamiyat berilganidan dalolatdir.
Konstitutsiyaning mazkur bobidagi hamda boshqa normalarida mustahkamlangan qoidalarni tahlil qilish quyidagi fikrlarni keltirib chiqaradi: birinchidan, O’zbekiston Respublikasida O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so’zsiz tan olinadi. Ikkinchidan, davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko’radilar. Uchinchidan, birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to’g’risida”gi Qonunda O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga egaligi, qonunosti hujjatlar qonun asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinishi, qonunlar eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishi, normativ-huquqiy hujjat o’ziga nisbatan yuqori yuridik kuchga ega bo’lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo’lishi shartligi, normativ-huquqiy hujjatlar o’rtasida tafovut bo’lgan taqdirda, yuqori yuridik kuchga ega bo’lgan normativ-huquqiy hujjat qo’llanilishi kabilar belgilab qo’yilgan.
Bundan tashqari, mamlakatimizda qonuniylik va qonun ustuvorligini ta'minlashning tashkiliy-huquqiy asoslari ham yaratilgan. Avvalambor bu O’zbekiston Respublikasining Prezidenti fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafili hisoblanishi, qonunlarning bajarilishi ustidan parlament, jamoatchilik va idoraviy hamda adliya organlarining nazorati o’rnatilganligi, Konstitutsiyaviy sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko’rishi, sudning faoliyati qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilganligi, har bir shaxsga o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanganligi, qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan prokurorlik nazorati mustahkamlanganligi, tashkilotlarda yuridik xizmatlar faoliyati yo’lga qo’yilganligi kabilarda bevosita namoyon bo’ladi.
Qonunchiligimizda huquqiy ekspertiza, qonun hujjatlarini ta'sirini baholash tizimi, monitoring, idoraviy hujjatlarni ro’yxatdan o’tkazish kabi huquqiy vositalar ham belgilangan bo’lib, bular ham qonuniylik va qonun ustuvorligini ta'minlashning muhim elementlarini tashkil etadi.
Shunga ko’ra, Adliya vazirligi to’g’risidagi nizomning 7-bandida qonun ustuvorligini ta'minlashga yo’naltirilgan jamiyat va davlat qurilishi sohasida norma ijodkorligi va huquqni qo’llash amaliyoti sohasida yagona davlat siyosatini izchil amalga oshirish vazirlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo’nalishlaridan biri sifatida belgilab berilgan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 yanvardagi «Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-2733-sonli Qarorining 1-bandida davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari faoliyatining asosiy yo’nalishlaridan biri etib davlat organlari va tashkilotlarining huquqni qo’llash faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlashni tashkil etish belgilangan.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 1 maydagi «O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi 2017 yil 19 yanvardagi PQ-2733-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida»gi Qarorida davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tarkibiy va hududiy bo’linmalari rahbarlariga har yili ko’rsatib o’tilgan organlar va tashkilotlar faoliyatida qonun ustuvorligi va qonuniylikni ta'minlash bo’yicha ishlar to’g’risida yuridik xizmatning hisobotini eshitish bo’yicha shaxsiy javobgarlik yuklangan.
Qonun ustuvorligi shaxsga o’z huquq va erkinliklarini mone'liksiz amalga oshirish, o’z hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari qonunan kafolatlanganligi tufayli tinch, osoyishta, xotirjam, hech qanday tashqi ta'sirlardan, zo’ravonlik va o’zboshimchalikdan qo’rqmay yashash imkoniyatini beradi.
Qonun ustuvorligi, shuningdek shaxsga uning uchun majburiy bo’lgan mazkur hujjatlarni qabul qilish jarayonida uning o’zi yoki saylab qo’ygan vakillari orqali ishtirok etish, davlat boshqaruviga ta'sir o’tkazish, davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, o’z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g’ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqini ta'minlaydi.
Agar jamiyatda qonun ustuvorligi ta'minlanmasa odamlarda nafaqat bugungi, balki ertangi kuniga ham ishonch yo’qoladi, adolat, tenglik, erkinlikka rioya qilinmaydi. Qonun ustuvorligi ta'minlanmagan jamiyatda iqtisod ham rivojlanmaydi, iqtisodiy islohotlar ham samara bermaydi. Chunki hech kim qonun ishlamagan joyga o’z mulkini, sarmoyasini kiritishni hoxlamaydi.
Qonun ustuvor bo’lgan davlatda erkinlik, adolat, tenglik kafolatlanadi, hokimiyatning shaxsga ta'siri chegaralanadi, inson huquqlari himoyalanadi, mulk huquqiga rioya qilinadi, odil sudlov mustaqil bo’lib, samarali amalga oshiriladi.
Oltiariq tumani Adliya bo’limi
Yuridik xizmat ko’rsatishmarkazi
boshlig’i O.A.Djurayev