Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan veb sayt orqali bo'lgan murojaatlar
Jami murojaatlar: 38Ishonch telefoni statistikasi
“VOYAGA YETMAGAN BOLALARNING HUQUQI”
2023-06-08 14:23:46 192
O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga ko’ra, oila jamiyatning asosiy bo’g’inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir.
Davlat oilaning to’laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi.
Ota-onalar va ularning o’rnini bosuvchi shaxslar o’z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta'lim olishi, sog’lom, to’laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g’amxo’rlik qilishga majburdirlar.
Jamiyatda oila mavjud ekan, albatta ushbu oilada bobo, buvi ota-ona, farzandlar bo’ladi hamda barcha oila a'zolarning birgalikda yashashi ularning bir-birlariga mehri ziyoda bo’lishiga sabab bo’ladi.
O’zbekiston Respublikasida oilani, oilani a'zolarini muhofaza qilish bo’yicha ko’plab qonun xujjatlari qabul qilingan bo’lib, shubhasiz ushbu qonunlar qatorida Oila kodeksi muhim o’rinni egallaydi.
1998 yilda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining, umuman oila to’g’risidagi qonun hujjatlarining vazifalari oilani mustahkamlashdan, oilaviy munosabatlarni o’zaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda oila oldida uning barcha a'zolarining mas'ulligi hissi asosida qurishdan, biron-bir shaxsning oila masalalariga o’zboshimchalik bilan aralashishiga yo’l qo’ymaslikdan, oila a'zolari o’z huquqlarini to’sqinliksiz amalga oshirishini hamda bu huquqlarning himoya qilinishini ta'minlashdan iboratdir.
Lekin shunday holatlar borki, oilada ayrim holatlarda ota-onaning o’zaro kelishmovchiligi, bir-birini tushunishni istamasligi, bir-birlariga bo’lgan ijobiy bo’lmagan munosabatlar oilaning boshqa a'zolariga ham o’zining salbiy ta'sirini ko’rsatmasdan qolmaydi.
Ushbu holatda har ikki tarafdan biri yoki voyaga yetmaganlarning huquqini himoya qilish zimmasiga yuklatilgan davlat organi sudga tegishli da'vo ariza bilan murojaat qilishga xaqli.
Jumladan, ota-ona alohida yashaganda, qonuniy nikohdan o’tmasdan boshqa turmush qurganda, ota-onadan biri vafot etganda va boshqa holatlarda voyaga yetmagan bolalarning kim bilan birga yashashi, kimning tarbiyasida bo’lishi, bolalarning yaqin qarindoshlari bilan ko’rishib turishi kabi holatlar hozirgi kundagi dolzarb mavzulardan biridir.
Oila kodeksining 75-moddasiga ko’ra, ota-ona alohida yashaganda bolalarning qayerda yashashi ota-onaning kelishuviga binoan belgilanadi. Ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, nizo sud tomonidan bolalar manfaatlaridan kelib chiqib, ularning fikrini hisobga olgan holda hal etiladi. Bunda sud, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog’lanib qolganligini, bolaning yoshini, ota-onasining axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola o’rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining mashg’ulot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini hisobga oladi.
Ushbu holatda sud tomonidan bolani kim birga yashashi, kimning qaramog’iga olib berilishi, bola bilan ko’rishib turish tartibini belgilashi, har qanday holatda ham voyaga yetmagan bolaning manfaatidan kelib chiqqan holda, bobo-buvi, ota-ona va boshqa yaqin qarindoshlarning qonuniy manfaatlarini buzmasdan, adolat va qonuniylik nuqtai nazaridan kelib chiqib qaror qabul qilishi o’ta murakkab vazifa hisoblanadi.
Amaliyotda voyaga yetmagan bolalarning onaga olib berilishi ko’p uchrab turadigan holat hisoblanadi. Albatta ushbu holatda bola tug’ilgandan boshlab onaning qaramog’ida bo’lishi, bolaning asosiy ehtiyojlarini ko’proq ona bilishi, ona tabiatan mehribon ekanligi, bolaning kiyimi, ovqatlanishi va boshqa yashash uchun zarur bo’lgan ehtiyojlarini ko’proq ona qondirishi ham asosiy sabablardan bo’lishi mumkin.
Oila kodeksining 8-moddasidan ko’rinishicha, qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar bo’lmagan taqdirda, O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tamoyillariga zid bo’lmagan mahalliy urf-odat va an'analar qo’llaniladi.
Atoqli alloma Burhonuddin Marg’inoniyning “Hidoya” asarini “Farzandni qaramoqqa olish va bu ishga kim xaqliroq ekani to’g’risida”gi bob mazmunidan ko’rinishicha, agar er-xotin o’rtasida ajralish sodir bo’lsa, bolani olishga onasi xaqliroqdir. Chunki ona bolaga otasidan ko’ra mehr-shafqatliroq va g’amxo’rlik qilishga qodirroq bo’ladi. Shuning uchun bolani onaga berish afzaldir.
O’zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining “Bolalar tarbiyasi bilan bog’liq nizolarni hal qilishda sudlar tomonidan qonunlarni qo’llash amaliyoti to’g’risida”gi Qarorida ham sud boshqa-boshqa turadigan ota-onalar o’rtasida bo’lgan ularning qaysi biri bilan qaysi bolasi yashash uchun qolishi to’g’risidagi nizolarni hal etishda O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 71-moddasida belgilangan ota va onaning huquq va majburiyatlarining tengligiga asoslangan holda, voyaga yetmagan bolalarning manfaatlariga va xohishlariga mos keladigan hal qiluv qarori qabul qilishi lozimligi, bunda sud ota-onadan birining moddiy-maishiy ahvoli ustunligining o’zi bolani unga olib berish uchun asos bo’la oladigan shart hisoblanmasligi, bolaning ota-onadan, aka-uka, opa-singillaridan qaysi biriga bog’lanib qolganligini, ota-onadan qaysi biri bolalariga nisbatan ko’proq g’amxo’rlik va e'tibor ko’rsatayotganligi, bolalarning yoshini va ota-onadan qaysi biriga ko’ngil qo’yganligi, ota-onaning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlarini, ota-onaning har biri bilan bola o’rtasidagi munosabatlarni, bolani tarbiyalash va uning kamoloti uchun shart-sharoitlar (ota-onasining ma'lumot turi, ish tartibi, moddiy hamda oilaviy ahvoli va boshqalar) yaratish imkoniyatini e'tiborga olishi ko’rsatib o’tilgan.
Farg’ona viloyat sudining sudyasi N.Egamov