Shrift o'lchami Rang Rasm

Ижтимоий тармоқлар

<< Noyabr 2024 >>
DUSECHPAJUSHYA
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930 

Yangiliklarga obuna bo'lish


Hozir saytda 26 nafar foydalanuvchi Ishonch telefoni statistikasi

ALIMENT MAJBURIYATLARI

×

 2023-06-08 14:21:23    177

PDF yuklash
Chop etish


O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining     26-moddasiga ko’ra, fuqarolik ishlari bo’yicha sudlarga fuqarolik, oila, mehnat, uy-joy, yer to’g’risidagi va boshqa munosabatlardan yuzaga keladigan nizolar bo’yicha ishlar, agar taraflardan hech bo’lmaganda bittasi fuqaro bo’lgan fuqarolik ishlari taalluqlidir.

Sudlardan ko’rib chiqilayotgan nizolarning ko’pchilik qismini oilaviy nizolar tashkil qiladi, bular jumlasiga nikohdan ajratish, aliment undirish, aliment miqdorini kamaytirish, aliment to’lashdan ozod qilish, bolani o’z qaramog’iga olish, bola bilan ko’rishib turish tartibini belgilash kabi ishlar misol qilib keltirish mumkin.

O’zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 96-moddasiga ko’ra, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berishi shart.

Voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug’iga asosan aliment undiriladi. 

2020 yil 10-martdagi O’RQ-608-son O’zbekiston Respublikasining Qonuni bilan kiritilgan o’zgarishlarga ko’ra, voyaga yetmagan bolalarga aliment to’lash haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to’lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to’g’risida sudga da'vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o’n to’rt yoshga to’lgan bola voyaga yetmagan bolaning ta'minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to’g’risida da'vo qo’zg’atishga haqlidir.

Bundan tashqari, ota-ona va bola alohida-alohida yashagan taqdirda, vasiylik va homiylik organlari, shuningdek o’n to’rt yoshga to’lgan bola bir vaqtning o’zida ota va onadan voyaga yetmagan bolalarning ta'minoti uchun aliment undirish to’g’risida da'vo qo’zg’atishga haqli.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, voyaga yetmagan bolalariga aliment to’lash va ularga ta'minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.

Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta'minot berishda ham ota-onaning majburiyatlari tengdir.

Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish uchun aliment to’lash tartibini o’zaro kelishgan holda belgilashga haqlidirlar.

Voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish uchun aliment to’lash tartibi va shakli haqida ota-ona o’rtasidagi kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid bo’lmasligi kerak.

Albatta ushbu o’rinda ota-onadan undiriladigan aliment miqdori ham fuqarolarni qiziqtirishi tabiiy holdir.

Bu xaqda ham Oila kodeksining tegishli moddalari bilan qat'iy normalar o’rnatilgan.

   Oila kodeksining 99-moddasiga ko’ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta'minot berish haqida ota-ona o’rtasida kelishuv bo’lmasa, ularning ta'minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun - to’rtdan bir qismi; ikki bola uchun - uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun - yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to’lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e'tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko’paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to’lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo’lmasligi kerak.

Oila qonunchiligi voyaga yetmagan bolalar bilan bir qatorda voyaga yetgan, lekin mehnatga layoqatsiz bolalarga ham g’amxo’rlik ko’rsatilishini kafolatlaydi.  

 Ota-ona voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta'minot berishi shartdir.

Voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta'minot berish ota-onaning kelishuviga binoan amalga oshiriladi. Ota-ona o’rtasida bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda nizo sud tartibida hal qilinadi.

Ota-onadan voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment to’lashi shart bo’lgan ota-onaning oilaviy va moddiy ahvoli hisobga olinib, har oyda pul bilan to’lanadigan qat'iy summada belgilanadi.


Farg’ona viloyat sudining sudyasi   N.Egamov